Beshtor

Channel
Logo of the Telegram channel Beshtor
@beshtorrPromote
2.27K
subscribers
Biznes, bozor, shaxsiy investitsiyalar va texnologiya haqida. Tahlil. Barcha xabarlar ochiq ma'lumotlarga asoslangan. Rus tilida: @skartariss Aloqa uchun: linkedin.com/in/bahora-sadirdinova/
Yo‘q, O’zbekistonda qimorga darvoza lang ochib berilmayapti

Yil tugab borgani sari qimor mavzusi tobora dolzarblashib bormoqda.

"2025-yildan boshlab bemalo bo‘ladi, axir ruxsat berildi-ku!" degan gaplar ko‘payib ketdi.

Go‘yoki 1-yanvardan boshlab O‘zbekiston har qadamda kazinolar, totalizatorlar va bukmekerlar bilan to‘lib, Las-Vegasga aylanadi, degan tasavvur paydo bo‘lishi mumkin.

Aslida, unday emas. Ha, 2025-yildan qimor o‘yinlari va bukmekerlik faoliyatiga ruxsat beriladi, lekin muhim jihatlar bor.

Birinchidan, tashkilotchilar soni juda kam bo‘ladi, chunki faqat litsenziya asosida ishlash mumkin.

Bu soha xatarli hisoblanadi, shuning uchun litsenziyalar o‘ng-u so‘lga berilmaydi.

Ikkinchidan, faqat 18 yoshga to‘lganlar ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.

Bu pasport bilan ro‘yxatdan o‘tish shart degani. Bunga qancha odam rozi bo'ladi?

Uchinchidan, qimor o‘yinlarni va «stavka» qabul qilishni faqat onlayn tarzda tashkil etish mumkin bo‘ladi.

Ya’ni, ko‘chada hech qanday kazino yoki o‘yin avtomatlari bo‘lmaydi.

Umuman olganda, qanday bo‘lishining eng yaqin misoli bu kripto-savdo.

U ham ilgari O’zbekistonda mavjud emas edi, keyin ruxsat berildi, lekin aniq qoidalar asosida.

U yerda ham tashkilotchilar va ishtirokchilarga qat’iy talablar qo‘yilgan.

Ularni bajarmaganlarga choralar ko‘riladi, masalan, 10 sutkaga qamash.

Qimor o‘yinlari bilan ham taxminan shunday bo‘ladi.

1X va boshqalar bu yerda yuridik shaxs ochishlari, litsenziya olishlari va barcha qoidalarga rioya qilishlari kerak bo‘ladi.

Ular buni qilishlari dargumon, shuning uchun bloklangan holda qolishlari ehtimoli yuqori.

Ishoning, qonuniy bukmekerlar paydo bo‘lgach, offshor bukmekerlarning faoliyati hozirgidan ham kuchliroq cheklanadi.

Shunday qilib, qimor o‘yinlariga darvozani lang ochib qo‘yilgani yoq, aksincha, "Yovvoyi G‘arb" bo‘lib yotgan narsani tartibga solish boshlandi.

Biz buni kripto-savdo bilan boshdan kechirgan edik, endi navbat "stavkalarga" keldi.

Rasm: iStock

@beshtorr

#iqtisodiyot #vaziyat
💲Uch yil oldin zarar ko‘rib ishlagan TBC Uz foydasi hozir $30 millionga yaqinlashmoqda

Bank (TBC Bank), fintex (payme) va muddatli to‘lovni (payme Nasiya) o‘z ichiga olgan TBC Uzbekistan guruhi 2024-yilning III chorak yakunlarini e’lon qildi.

Ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilarning umumiy soni 17 million kishini tashkil etdi (o‘tgan yilga nisbatan +40 foiz).

Bu TBC Uz’ni butun Markaziy Osiyodagi eng yirik ekotizimlardan biriga aylantiradi.

Ammo, ro‘yxatdan o’tish bitta narsa, doimiy foydalanish esa mutlaqo boshqa narsa.

Shuning uchun boshqa bir ko’rsatkich, MAU (bir oyda faol foydalanuvchilar), 5 million kishigacha (+34 foiz) oshgani muhimroq.

Faol merchantlar soni 7 mingga (+76 foiz) yaqinlashdi. Bu payme’da tanlov qanchalik oshganini ko‘rsatadi.

Ammo eng muhim va katta o‘zgarishlar TBC Bank bilan sodir bo‘ldi.

Birinchidan, kreditlar $460 millionga (+99%) yaqinlashdi. Bu bankning qanchalik kattaligini ko‘rsatadi.

Endilikda TBC Bank 36 ta bank orasida Tenge Bank, Asia Alliance Bank, Trastbank kabi banklarni ortda qoldirib, 18-o‘rinni egallab turibdi.

Lekin shunchaki kredit berishning o‘zi yetarli emas, bu yerda sifat ham muhim.

Bu borada TBC Bank’da hammasi yaxshi, chunki muammoli kreditlar ulushi atigi 2,8 foizni tashkil etadi.

Ikkinchidan, omonatlar $314 milliongacha (+66%) o‘sdi. Bu bankka o‘z jamg‘armalarini ishonib topshirgan odamlar ko‘payganligini ko‘rsatadi.

Natijada

TBC Uz to‘qqiz oy davomida $41 million ishlab topdi va $27 million sof foyda oldi.

2024-yilning uchinchi choragi ekotizim tarixidagi eng muvaffaqiyatli bo‘ldi — sof $12 million.

Taqqoslash uchun, 2021-yilning xuddi shu choragini TBC Uz $2 million zarar bilan yakunlagan edi.

Va bu o‘zgarish o‘z-o‘zidan emas, balki kompaniya 2020-yilda 20 foizdan oshiq ROE’ga (biznes samaradorligi ko‘rsatkichi) erishishni maqsad qilib qo‘ygani sababli bo‘ldi.

Hozir ROE 26,6% tashkil qiladi.

Biznesda to‘g‘ri maqsadlar qo‘yilsa, to‘g‘ri natijalar bo‘lishiga yaxshi bir misol.

@beshtorr

#tbcbank #fintex #payme #kompaniyalar
Please open Telegram to view this post
VIEW IN TELEGRAM
Payme foyda bo‘yicha Click’ni ortda qoldirdi, ammo Paynet’gacha hali bor

O‘zbekiston kompaniyalari to‘qqiz oylik moliyaviy natijalarini sarhisob qilishdi va qiziqarli jihatlar ma’lum bo‘ldi.

Masalan, Payme (186,9 mlrd so‘m) sof foyda bo‘yicha Click’ni (179,2 mlrd) ortda qoldirdi.

Shu bilan birga, Click’ning daromadi Payme’nikidan deyarli 79 milliardga ko‘p, ammo Payme’ning xarajatlari Click’nikidan 130 milliardga kam.

Sodda qilib aytganda, Click ko‘proq topadi, lekin Payme kamroq sarflaydi. Farq mana shunda.

Kompaniyalar bir-biriga shunchalik yaqinki, ular yana bir necha bor o‘rin almashishlari tabiiy.

Ikkalasi ham so‘nggi bir yil ichida o‘rtacha 30 foizga o‘sdi.

Ikkalasi ham hozircha sof foydasi 208,4 milliardni tashkil etgan va 96 foizlik o‘sishni ko‘rsatgan Paynet’dan ortda qolmoqda.

Mana shu uchtasi O‘zbekiston fintexning "katta uchligi", chunki qolganlari ancha orqada:

Plum’ning sof foydasi 78,1 mlrd, Alif Mobi 42,4 mlrd, Multicard7,9 mlrd, UPay1,4 mlrdni tashkil etdi.

Foyda ko‘rayotgan kompaniyalar umuman olganda uncha ko‘p emas:

Payze, Real Pay, DPay, Yuz Pay, Xon Pay, ZPlat, Quick Pay, Global Pay, Freedom Pay, A-pay, Beepul, Oson — bularning barchasi uchinchi chorakni zarar bilan yakunladi.

Biroq, bu yil plyusga chiqishga muvaffaq bo‘lganlari ham bor — bu Pay Way va ATTO.

O‘zbekistonda fintex haqida gapiradigan bo‘lsak, to‘lovlar va o‘tkazmalardan boshqa hech narsa taklif qilmaydigan ilovalarga yaqinda qiyin bo‘ladi.

Banklar (Xazna, Zoomrad, Uzum Bank va boshqalar) asta-sekin bu bozorni egallab olmoqda.

To‘lov kompaniyalari hozirdanoq rivojlanishning yangi yo‘llarini izlashlari kerak, aks holda CD-pleyerlar taqdirini takrorlashlari muqarrar.

@beshtorr

#fintech #bozor
Please open Telegram to view this post
VIEW IN TELEGRAM
Temu O‘zbekistonga bostirib keldi

Past narxlari bilan mashhur bo‘lgan xitoylik Temu marketpleysi haqida eshitgandirsiz.

2022-yilda tashkil etilgan kompaniya ikki yil ichida tez o‘sib, o‘nlab yangi bozorlarni qamrab olishga ulgurdi.

Uslub doimo bir xil — bir qop pul olinadi va ijtimoiy tarmoqlarda, birinchi navbatda Instagram va TikTok’da, reklamaga sarflanadi.

Chexiyada ham, Koreyada ham shunday bo‘lgan.

Sentyabrda navbat O‘zbekistonga keldi.

Temu’ning ikkita o‘ziga xos xususiyati bor

Birinchidan, marketing va reklamaga yondashuvi.

U o‘zining tajovuzkorligi bilan shunchalik ajralib turadiki, uni professional doiralarda o‘rganishmoqda (masalan, mana Adweek’da Temu’ga e’tibor bermaslikning iloji yo‘qligi haqidagi yaxshi maqola).

2023-yilda kompaniya reklamaga $2 milliard sarflagan. 2024-yilda bu ko‘rsatkich $6 milliardga yetishi kutilmoqda. Juda katta mablag’lar.

Biroq hammayoqni reklama bilan to‘ldirishning o‘zi yetarli emas, to‘g‘ri "message" ham kerak.

Temu’da u bor va taxminan shunday jaranglaydi: "Siz boshqa joylardan sotib oladigan hamma narsa bizda 2 baravar arzon".

Ikkinchidan, past narxlar.

Ular haqiqatan ham bir necha sababga ko‘ra shunday. Birinchisi — biznes-model.

Aliexpress omborxona va logistika uchun millionlab dollar sarflasa, Temu bunday qilmaydi. Ularning biznes-modeli — C2M (customer to manufacturer).

Ya’ni, siz Temu’dan biror narsa xarid qilganingizda, mahsulot sizga bevosita ishlab chiqaruvchidan tashqi yetkazib beruvchilar orqali yuboriladi.

Bu esa xarajatlarni sezilarli darajada kamaytiradi va yakuniy narxga ta’sir qiladi.

Ikkinchi sabab — Temu har bir buyurtmada (masalan, katta chegirmalar orqali) ongli ravishda pul yo‘qotadi.

Maqsad - bozor ulushini egallash. Har qanday usul bilan.

Bundan tashqari, kompaniya o‘z sotuvchilaridan mahsulotlarni boshqa joylarga qaraganda arzonroq sotishni talab qiladi.

Agar bir nechta sotuvchi bir xil mahsulotni taklif qilsa, Temu faqat eng past narxga ega bo‘lgan sotuvchini ko‘rsatadi.

Va bunaqa yondashuv... ishlaydi

Kompaniya O‘zbekistonda reklamani 6-sentyabrda ishga tushirdi.

8-sentyabrdan boshlab Temu — O‘zbekistonda eng ko‘p yuklab olinayotgan ilova.

Marketpleysning asosiy auditoriyasi — kam daromadli odamlardir. Shuning uchun O‘zbekistonda kompaniya tezda ommalashgani ajablanarli emas.

Bundan tashqari, tan olish kerak, Temu’da sotiladigan ko‘plab tovarlarni haqiqatan ham do‘konlarimizda va bozorlarda uchratish mumkin, faqat qimmatroq narxlarda.

Tartibga solish yaqinlashmoqda

Yaqinda elektron tijoratni tartibga soluvchi IMLA (Istiqbolli loyihalar milliy agentligi) O‘zbekistondagi ayrim xorijiy marketpleyslar bilan bog‘liq vaziyatni "bir darvozali o‘yin" deb baholadi.

Katta ehtimol bilan aynan Temu nazarda tutilgan.

Masalan, Wildberries va Ozon bu yerda o‘z kompaniyalarini va hisob raqamlarini ochgan, bank orqali faoliyat yuritmoqda.

Tovarlar bojxonadan o‘tkazilgan, soliqlar to‘langan.

O‘zbekiston fuqarolari u yerda nafaqat xarid qilishlari, balki sotishlari ham mumkin.

Hatto Aliexpress ham bu yerda yuridik shaxsga ega va Uzcard/Humo orqali to‘lovlarni qabul qiladi.

Temu’da bularning hech biri yo‘q.

Shunday ekan, ILMA tilga olgan islohotlar, shubhasiz, aynan shu marketpleysga ta’sir ko‘rsatadi.

Albatta, uni hech kim taqiqlamaydi, lekin qandaydir o‘zgarishlar bo‘lishi aniq.

Surat: Fortune

@beshtorr

#temu #ecom #vaziyat #kompaniyalar
️Yandex Express24 aktivlarining bir qismini sotib olmoqda

Kompaniyalar O‘zbekistonda ovqat yetkazib berish uchun yagona texnologik platforma yaratish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

Buning uchun Yandex Express24 aktivlarining bir qismini sotib oladi, bitim yaqin kunlarda yakunlanadi.

Express24 ilovasi o‘z faoliyatini davom ettiradi.

Bitim yakunlangandan so‘ng, Yandex Go va Express24 tarkibidagi Eats xizmatlari yagona texnologik platformaga o‘tkaziladi.

Bitim summasi ma’lum qilinmadi.

@beshtorr

#kompaniyalar
O‘zbekistonda eng ko‘p sotiladigan mahalliy avtomobillar ma’lum bo‘ldi

O‘zavtosanoat mahalliy avtomobilsozlik bo‘yicha statistika e’lon qildi.

Unga ko’ra, yil boshidan beri O‘zbekistonda umumiy 303 373 ta avtomobil sotilibdi.

☯️Ko‘rinib turibdiki, UzAuto Motors bozorning asosiy o‘yinchisi bo‘lib qolmoqda.

271 221 dona avtomobil sotuvi bilan kompaniya avtosanoatning 89,4 foiz ulushini egallamoqda.

Eng ko‘p sotilgan model – Cobalt, dastlabki 9 oyda undan 99 577 dona sotilgan.

☯️ Keyingi o‘rinda ADM Jizzakh kompaniyasi. U Kia, Chery, Haval va Hyundai kabi xalqaro brendlarning avtomobillarini O‘zbekistonda yig‘adi. 

Ushbu kompaniya 6,5 foiz bozor ulushiga ega bo‘lib, yanvardan sentyabrgacha 19 766 dona avtomobil sotibdi.

Ularning eng xaridorgir brendi Kia bo‘lgan (12 549 ta avtomobil). Ular orasida eng ko‘p sotilgani Kia Sonet (3 360 ta).

☯️ Uchinchi o‘rinni BYD Uzbekistan Factory egalladi, u o‘tgan 9 oyda 11 580 ta elektromobil sotgan. Bu kompaniyaga bozorning 3,8 foizini egallash imkonini berdi.

Ularning eng ko‘p sotilgan modeli – BYD Song Plus Champion (4 668 ta).

☯️ Keyingi o‘rinlarda Jizzakh Avto, Asaka Motors va SamAuto joylashgan, ularning har biri 0,1 foiz ulushga ega. Asosiy brendlari – Jetta by Volkswagen, Exeed, Isuzu D-Max.

Yanada batafsil ma’lumotlar rasmlarda berilgan.

P.s: Bu yerda faqat O‘zbekistonda yig‘ilgan yoki ishlab chiqarilgan avtomobillar haqida so‘z yuritilmoqda.

Masalan, dilerlar yoki avtomobil egalari tomonidan import qilingan BYD yoki Kia hisobga olinmagan.

Tez orada avtomobil bozorida nimalar bo‘layotgani haqida ma’lumot to‘plashga harakat qilamiz. Bu to‘liq tasavvurga ega bo‘lishga yordam beradi.


@beshtorr

#avto #bozor #kompaniyalar
Please open Telegram to view this post
VIEW IN TELEGRAM
Please open Telegram to view this post
VIEW IN TELEGRAM
Nima uchun Yevropa BYD va boshqa xitoy elektromobillarini cheklayapti

Yevropa Ittifoqi mamlakatlari xitoy elektromobillariga bojlarni 45 foizgacha oshirishga ovoz berdi.

Sababi oddiy — SAIC, Geely, BYD va boshqa kompaniyalar Xitoy hukumatidan katta imtiyozlar olayotgani aniqlandi.

Ushbu davlat yordami tufayli xitoy brendlari narxlarni pasaytirib, bozorlarni egallab olmoqda.

Yevropada buni tahdid deb hisoblashmoqda, chunki Xitoy shu yo‘l bilan ta’sir o‘tkazish vositalariga ega bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, kompaniyalar boshqa kompaniyalar bilan raqobatlashishi lozim, hozir esa Yevropa ishlab chiqaruvchilari butun bir davlat bilan raqobatlashishga majbur bo‘lmoqda.

AQSh ham bu nuqtai nazarni qo‘llab-quvvatlamoqda — u yerda sentyabrdan boshlab Xitoy elektromobillariga bojxona to‘lovlari 100 foizgacha ko‘tarildi.

Xitoyda bunga nima deyishyapti?

Ular, tabiiyki, rozi emas va yevropaliklarni xitoyliklar bilan halol raqobatlasha olmayapti, deb hisoblamoqda. Pekin hozirda javob choralarini tayyorlayapti.

O‘zbekistonda-chi?

Biz bunday mavzulardan yiroqmiz, chunki bizning eng yirik avtomobil ishlab chiqaruvchimiz deyarli to‘liq davlatga tegishli.

Yozda faoliyatini boshlagan BYD avtozavodining ham 60 foizi davlat tasarrufida.

Ya’ni, avtosanoatimizni iqtisodiyot deb atash qiyin, bu ko‘proq siyosat.

Shuning uchun bizdagi subsidiyalarga hatto Xitoy ham havas qilishi mumkin.

Masalan, BYD Uzbekistan Factory 2024-yilning dastlabki besh oyida 23,9 mlrd so‘m soliq to‘lagan.

Zo’r, lekin Evos shu davr ichida ko‘proq — 26,5 milliard so‘m soliq to‘lagan.

Shu bilan birga, avtomobil zavodining tovar aylanmasi 1,7 trillion so‘mni, Evos esa 330 milliard so‘mni tashkil etdi.

Ha, ba’zilarning soliq yuki 1 foiz bo‘lsa, boshqalarniki 8 foiz. Hamma teng, ammo kimdir tengroq, deganlaridek.

Aytgancha, XVF yaqinda O‘zbekistonga investitsiyalarni jalb qilish uchun soliq imtiyozlarini qayta ko‘rib chiqishni, ularning salbiy ta’sirini bosqichma-bosqich kamaytirishni tavsiya qildi.

Yaxshi bo’lardi.

Rasm: STR | AFP | Getty Images

@beshtorr

#avto
O'zbekistonda pul jamg’arish: Uy-joy, omonat yoki dollar?

Hozir ko‘pchilik o‘z jamg‘armalarini qayerda va qanday saqlash haqida bosh qotirmoqda. 

Ayniqsa, O‘zbekistondagi omonatlarni kafolatlash tizimiga o‘zgartirish kiritilayotgani bu mavzuni yanada aktuallashtirdi.

Shu sababli, jamg‘arma uchun dollar yoki uy-joy alternativ sifatida ko‘rilyapti.

Ha, bu variantlar keng tarqalgan bo‘lishi mumkin, lekin har doim ham omonatning o‘rnini bosolmaydi. 

Sababi oddiy

Dollar likvidlik jihatidan yaxshi bo‘lishi mumkin, chunki uni istalgan vaqtda yaxshi narxda sotish mumkin. Ammo u daromadlilik nuqtayi nazaridan zaif. 

Oddiy misol – so‘nggi uch yilda O‘zbekistonda narxlar 31 foizga, dollar esa 17 foizga oshdi. 

Ya’ni u hatto inflyatsiyadan himoya qilolmaydi, foyda haqida gapirmasa ham bo‘ladi.

Ko‘chmas mulk

Uy-joy bilan esa vaziyat biroz boshqacha. U qattiq valyutada (dollar, yevro) 15-25 foizga qimmatlashadi va yaxshi daromad keltiradi. 

Lekin bunda pulni chiqarib olish uzoqqa cho’zilishi muammo bo’ladi. 

Masalan, omonatni bir daqiqada naqdlashtirish mumkin bo‘lsa, uy-joy bilan buning imkoni yo‘q. 

Buning ustiga, hozirda aholining uy-joy sotib olish qobiliyati pasaymoqda va savdo avvalgidek yaxshi bo‘lmayapti

Umuman olganda 

O‘zbekistonda katta miqdordagi mablag‘larni jamg‘arish uchun variantlar yetishmaydi. Boshqa mamlakatlardan farqli o‘laroq, tanlov juda kam. 

To‘g‘ri, hozir yangi pay investitsiya fondlari ochilyapti, lekin ularga nisbatan hali savollar yetarlicha.

Shuningdek, ayrim banklar kapitalni boshqarish bo‘yicha xususiy banking xizmatlari ustida ishlamoqda. Lekin bu soha ham hali keraklicha yo‘lga qo‘yilmagan.

Eng yaxshi variant

Bunday sharoitda so‘mdagi omonatlar yaxshiroq. Ularda: 

likvidlik yaxshi – pulni bir daqiqada yechib olish mumkin;

daromadlilik ham yaxshi – foiz stavkalari inflyatsiyani qoplaydi va 5-15 foiz sof foyda beradi. 

Shunchaki, barcha pullarni bitta bankda saqlash o‘rniga, bir nechta bankda omonatlar ochish kerak, xolos. 

Shunday qilib, foizlar ham to‘planadi, kafolat ham 100 foiz bo‘ladi. 

Ha, yaxshisi, omonatni qonun kuchga kirgunga qadar ochgan ma’qul.

@beshtorr

#investitsiyalar #vaziyat #pul
Please open Telegram to view this post
VIEW IN TELEGRAM
Yandex Maps navigatsiyasiga o‘zbekcha ovoz qo‘shildi

Avvalroq interfeys va joylarning nomlari o‘zbek tiliga o‘girilgan edi, hozir esa ruldagilar uchun ovozli ko‘rsatmalar ham ishlab chiqildi.

Kompaniya bu haydovchilarga telefonga chalg‘imasdan kerakli joyga yetib borishga yordam beradi, deb umid qilmoqda.

Hozir O‘zbekistonda Yandex Maps ilovasidan har oy 2,8 milliondan ortiq kishi foydalanadi, ulardan 87 foizida ovozli ko‘rsatmalar yoqilgan ekan.

Yandex’ning O‘zbekistonga rejalari katta


Joriy yilda kompaniya mamlakatga 33 million dollardan ortiq sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda. 

Bu mablag‘larning sezilarli qismi Toshkentdan tashqaridagi rivojlanishga yo‘naltirilgan.

Masalan, Yandex Go yil oxirigacha 16 ta shaharda faoliyat yuritadi.

O‘zbek tilidagi xizmatlarning ishga tushirilishi ham shu strategiyaning bir qismidir. 

Kompaniya o‘z manfaatlarini ko‘zlayotgani tushunarli, lekin buning evaziga biz o‘zbek tilida ko‘proq texnologik mahsulotlarga ega bo‘lamiz. 

Ayni muddao.

@beshtorr

#kompaniyalar #yandex
O‘zbekistondagi zaryadlash stansiyalarining xaritasi mana shunday ko‘rinishda.

Atiga 2 yilda shuncha o‘sish, qiziq-a?

Afsuski, 2020-yildagi skrinshot saqlanib qolmagan – o‘shanda butun O‘zbekistonda bor-yo‘g‘i uchta quvvatlash shoxobchasi bor edi. U ham bo‘lsa Farg‘onada)

Endi butun O‘zbekiston bo‘ylab – Andijon va Mo‘ynoqdan tortib Termiz-u Uchquduqqacha tarqalgan.

Hozir esa ular 800 tadan ham oshib ketibdi. To‘g‘ri, hammasi ham ishlamayotgan bo‘lishi mumkin, lekin baribir bu katta rivojlanish. 

Sababi oddiy – elektromobillarning keskin ko‘paygani talabni oshirib yubordi. Keyin zaryadlash stansiyalariga oid qonun erkinlashtirildi. Bu esa taklifning ko‘payishiga olib keldi. 

Qiziq tomoni, hozir elektromobillar uchun sifatli avtoservislar yetishmayapti. 

Bu soha hali yaxshi rivojlanmagan, biznes esa juda istiqbolli. Bu haqda o‘ylab ko‘ring.

P.s: Quvvatlash shoxobchalarining xaritasi mana bu yerda.

@beshtorr

#elektromobil #iqtisodiyot
Porsche O‘zbekistonga kirib kelmoqda

O‘zbekistonda birinchi Porsche Center qurilishi boshlandi.

Bu mintaqada brendning vakili bo‘lgan va Olmotadagi Porsche Center uchun mas’ul Qozog‘istonning Orbis kompaniyasi loyihasidir.

Toshkentdagi Porsche Center "Yangi O‘zbekiston" bog‘i tomonida 3 800 kvadrat metr maydonni egallaydi.

Ochilish 2025-yilning ikkinchi yarmiga mo‘ljallangan.

U yerda qanday modellar sotilishi va ularning narxi hozircha noma’lum.

+1 luxury-brend

Ha, O‘zbekistonda luxury kompaniyalar va xizmatlar soni ortib bormoqda:

☯️InterContinental qaytib keldi,

☯️Yandex Ultima ish boshladi,

☯️Ritz-Carlton qurilmoqda,

☯️Galmart ochildi va hokazo.

Buning sababi shundaki, O‘zbekiston iqtisodiyoti haqiqatan ham tez sur’atlarda o‘smoqda, biroq odamlar o‘z daromadlariga qarab buni turlicha his qilishmoqda.

Shunday ham yaxshi pul topadiganlarning daromadi tezroq o‘smoqda. Aynan shu narsa luxury tovarlar va xizmatlarga bo‘lgan talabning o‘sishiga olib kelmoqda.

@beshtorr

#avto
Please open Telegram to view this post
VIEW IN TELEGRAM
Hamster Kombat "easy money" bo‘lmasligini ko‘rsatib berdi

Bu hafta xalqaro birjalarda Hamster Kombat tokeni bilan savdolar boshlandi.

Dastlab vaziyat nisbatan yaxshi edi (masalan, Binance’da HMSTR $0,013 edi), ammo keyin narxlar keskin pasayib ketdi.

Hozirda token $0,006 dan savdo qilinmoqda. Bu taxminan 86 so‘m atrofida.

Agar barcha ishtirokchilar 100 000 tadan ortiq token olganida, narxni yomon emas desa ham bo‘lardi.

Ammo bu uchun millionlab dollarlik likvidlik kerak, u esa yo‘q. Shuning uchun ko‘pchilik 5 000 tadan kam token oldi.

Natijada bir necha oy davomida topshiriqlarni bajarish, reklamalarni ko‘rish va boshqa faoliyatlar $15-25 daromad keltirdi.

Biroq O‘zbekistonda buni ham olishning iloji yo‘q

Token — bu kriptoaktiv, uni faqat mahalliy kripto-birja va mahalliy kripto-do‘konlarda sotib olish va sotishga ruxsat beriladi. U yerda esa HMSTR yo‘q. Paydo bo‘lishi ham ehtimoldan uzoq.

Boshqa barcha usullar noqonuniy.

Firibgarlar faollashdi

Bizda Hamster Kombat juda ommalashgan — O‘zbekiston unga eng yuqori qiziqish qayd etilgan uch mamlakat orasida (qolgan ikkitasi Nigeriya va Rossiya. Juda ramziy).

Shuning uchun hozir "Biz hamsterlarni sotib olishga tayyormiz. Har biri uchun 1 dollar. Faqat kartangiz raqamlari va SMS orqali keladigan kodni yuborishingiz kerak", deydigan odamlar paydo bo‘lgani ajablanarli emas.

Bu usul bilan "xaridorlar" shunchaki pulni o‘g‘irlab, g‘oyib bo‘lishlarini aytish ortiqcha.

Revolyutsiya yuz bermadi

Pavel Durov Hamster Kombatni targ‘ib qilganda, bu blokcheyn va mini-ilovalarning yangi davri boshlanishi ekanligini aytgan edi.

Ammo aksincha bo‘lganga o‘xshaydi — juda ko‘p odamlar hech bo‘lmaganda $100 topishga umid qilishgani uchun hafsalalari pir bo‘ldi.

Biroq bu vaziyatning ijobiy tomoni ham bor — u "easy money" bo‘lmasligini yaqqol ko‘rsatib berdi.

Shunisiga ham rahmat.

Foto: Reuters

@beshtorr

#vaziyat
Dollarda borgan sari kamayib, so‘mda ko‘payayotgan omonatlar

O‘zbekistonda omonatlarning 100 foiz qaytarilishi davlat tomonidan kafolatlangan.

Yozda esa bunga o‘zgartirish kiritilayotgani ma’lum bo‘ldi. Endi davlat to‘liq hamma omonatingizni emas, uning faqat 200 mln qismini kafolatlamoqchi.

Lekin bu bo‘yicha hali qonun qabul qilinmadi, qachon kuchga kirishi ham noma’lum.

Shunday bo‘lsa ham, o‘zgarishlar avvalroq qo‘yilgan eski omonatlarga ta’sir qilmasligi aniq.

Shu xabardan keyin ko‘pchilik ijtimoiy tarmoqlarda bankdan omonatini qaytarib olayotganini yozgandi.

Men esa shunday bo’ldimi yoki yo‘q tekshirib ko‘rishga qaror qildim.

Statistika chiqqanidan keyin o‘rganib chiqib bildim-ki, omonatlarni yopish bo‘yicha katta o‘zgarish bo‘lmagan

Aksincha, avgust oyidan sentyabrgacha omonatlar hajmi 2,8 foizga oshgan. 

Hozir banklardagi jami omonatlar 283 trln so‘mga yetibdi. Bu esa o‘tgan yilga qaraganda 27 foiz ko‘proq (devalvatsiya ham inobatga olingan).

Albatta, bir oy qandaydir xulosa chiqarish uchun juda qisqa muddat.

Kamida 6 oy, yaxshisi bir yil kuzatish kerak, shuning uchun bu mavzuga hali yana qaytamiz. 

Hozir bizda boshqa qiziqroq o‘zgarishlar bor

Masalan, so‘mdagi omonatlar ulushi sezilarli ravishda oshibdi. O‘tgan yili 68 foiz bo‘lsa, bu yil 73 foizga yetgan. 

Natijada, hozir 205 trln so‘m milliy valyutadagi, 78 trln so‘m esa xorijiy valyutadagi omonatlarda saqlanmoqda.

Sodda qilib aytganda, O‘zbekistonda odamlar va kompaniyalar borgan sari ko‘proq pulini banklarda saqlayapti. Grafikdan ko‘rinib turibdiki, bunda ko‘pincha so‘mni afzal ko‘rishyapti. 

Va to‘g‘ri qaror qilishyapti. Bu haqda endi keyinroq )

@beshtorr

#moliya #omonat
Kaspi O‘zbekistonga kirmoqchiligi haqidagi xabardan so‘ng, turli xil qarashlar paydo bo‘ldi.

Masalan, u butun bozorni egallab, monopollashtirib olishi haqidagi shov-shuvlarni eshitgan bo‘lsangiz kerak?

Vaziyatga xolis qarasak, bu ish unchalik ham oson emasligini tushunish mumkin.

Birinchidan, 2010-yillardagi Qozog‘iston bilan 2020-yillardagi O‘zbekiston bir xil holatda emas.

O‘z vaqtida Kaspining muvaffaqiyatga yordam bergan ko‘p xizmatlar bizda allaqachon mavjud.

Ma’lumotnomani (“spravka”) onlayn olish? Jarimalarni ilova orqali to‘lash? Tovar sotib olib, o‘sha yerning o‘zida muddatli to‘lovni rasmiylashtirish-chi? QR-kod bilan to‘lashmi? Marhamat, o‘nlab xizmatlar bor.

Ha, yana Kaspining kuchi ekotizimda – foydalanuvchiga hamma xizmatlarni bir joyda taqdim etish imkoniyatida (shunga kompaniya uchun eng muhim ko‘rsatkich – NPS, ya’ni mijozlar sodiqlik indeksi).

5 yil oldin bunday biznes model biz uchun yangilik bo‘lardi. Ammo hozir Yandex Go, Humans, Uzum, TBC, Alif turganda, ekotizim bilan bizni hayratda qoldirish qiyin. 

Sodda qilib aytganda, Kaspi bizga qanaqadir yangi yondashuv taklif qilishi mumkin, lekin biz hali ko‘rmagan-bilmagan narsani olib kelish ehtimoli kam.

Ikkinchidan, Kaspi 2019-yildayoq Ozarbayjon bozoriga kirib, uchta saytni sotib olgan:

Turbo.az (avtomobillar);

Tap.az (tovarlar);

Bina.az (ko‘chmas mulk).

Mana 5 yil o‘tib, ularning barchasi mamlakatdagi eng ko‘p tashrif buyuriladigan sayt qatoriga kiradi. Lekin Kaspi sotib olgunga qadar ham ular shunday ommabop bo‘lgan.

Keyinchalik to‘rtinchi sayt – Boss.az (ish) qo‘shildi. Uning ko‘rsatkichlari ilgari qanday kamtarona bo‘lgan bo‘lsa, shundayligicha qoldi.

Ya’ni, Kaspi kompaniyani sotib olgach, u birdan kuchayib, ommalashib ketgani yo‘q.

Bir mamlakatdagi muvaffaqiyat boshqa mamlakatdagi muvaffaqiyatni kafolatlamaydi.

Masalan, 2018-yilda Amazon Turkiya bozoriga kirgach, ko‘pchilik uni №1 bo‘ladi deb o‘ylagan edi. Yo‘q, bo‘lmadi.

O‘zbekistonda ham bunga misollar bor. So‘nggi 2 yilda bir nechta raqamli banklar ochildi. Ularning ortida katta mablag‘ va nufuzli odamlar turibdi, lekin na birinchisi, na ikkinchisi zo‘r natija ko‘rsatishga yordam bermayapti.

Yana bir misol – Carrefour supermarketlari. Xalqaro brend, chet el top-menejmenti, AKFA bilan hamkorlik, katta investitsiyalar va shahardagi eng yaxshi joylar — barchasi jiddiy edi.

2020-yilda, kompaniya O‘zbekistonga kirib kelganda, “Ana, hozir Korzinkani yeb tashlaydi” degan gaplar ham bo‘lgan edi, lekin Carrefour 2 yilga bormasdan yopilib ketdi. 

Uchinchidan, TBC yaqinda rivojlanish uchun qariyb 40 million dollar jalb qildi, Uzum “yakkashox”ga aylandi, Yandex Go o‘nlab million dollar sarmoya kiritmoqda.

Bu va boshqa kompaniyalar yillar davomida infratuzilma yaratib, mijozlar bazasini kengaytirib, tajriba to‘plashdi. Ularni siljitish oson bo‘lmaydi.

Bundan tashqari, ularda o‘z vaqtida Aliexpress, Sber, Uber kabi gigant kopmaniyalar bilan muvaffaqiyatli raqobatlashgan odamlar ishlaydi. Bundan keyin ularni Kaspi bilan qo‘rqitish qiyin. 

Xulosa

Shubhasiz, Kaspi kirib kelishi bozorga ta’sir qiladi, chunki u katta mablag‘ va katta tajribaga ega yirik kompaniya.

Biroq, ular bozorda o‘z o‘rnini egallashi uchun juda ko‘p harakat qilishi kerak bo‘ladi.

Qozog‘istondagi muvaffaqiyatni O‘zbekistonda takrorlab bo‘lmas ekan (boshqa bozor, boshqa vaqtlar), kompaniya yangi usullarni izlab, sinab ko‘rish lozim bo‘ladi.

P.s. Ko‘pchilik hozir Kaspi umuman O‘zbekistonga kira oladimi, degan savolni bermoqda.

Hа, rasmiy va bozor to‘siqlari yo‘q. Bizda ochiq iqtisodiyot-ku )

Boshqa jihatlarga kelsak, hammasi kompaniyada davlat bilan ishlash (GR) qanchalik yaxshi yo‘lga qo‘yilganiga bog‘liq.

Kaspi o’zi хам buni yaxshi tushunadi, shuning uchun avvalambor O‘zbekistondagi islohotlarni maqtab, ular bilan birga mamlakatga o‘zlarining investorlarini (Fidelity, Blackrock, Capital International, Baillie Gifford) ham olib kelish mumkinligiga ishora qildi.

Bu qanday natija beradi, bilmayman, lekin yondashuv to‘g‘ri )

@beshtorr

#kaspi #fintex #bozor #kompaniyalar
Please open Telegram to view this post
VIEW IN TELEGRAM
Poytaxt ijara bozori. Vaziyat qanday?

O‘zbekistonda xonadonlarga bo‘lgan talab va shu bilan birga narxlar ham o‘syapti. Sabablari shu yerda

Hozir bu jarayon Toshkent ijara bozorida ham kuzatilyapti. Sentyabr yaqinlashgan sari ijaraga bo‘lgan talab kuchayib, avgustda narxlar birdan ko‘tarildi

Bu o‘rtacha ta’mirlangan uylarda aniq sezildi 

Kimdir bir xonali kichik uy izlayotgan bo‘lsa, ijara narxi biroz ko‘tarilganini sezishi mumkin(+1,3 foiz). 

Bu ko‘rsatkich ikki va to‘rt xonali uylar uchun 2 foizdan ham oshib ketdi.

Narxlarni ko‘rib, “Nega aynan o‘rtacha ta’mirlangan uylar shunchalik qimmatlashdi?”, deyish mumkin.

Javob oddiy – bunday uylar oilalar va talabalar uchun eng maqbul tanlov. Bir tomondan, ular hashamatli emas, boshqa tomondan, yashash uchun yetarlicha qulay.

Sergeli va Olmazor kabi markazdan uzoqroq tumanlarda ijara narxlari nisbatan pastroq.

Masalan, u yerlardan 1 xonali uyni 285 dollarga ijaraga olish mumkin. Ammo Mirobod yoki Yakkasaroyda bunday uylar ijara narxi 350 dollardan boshlanadi.

To‘liq ta’mirlangan uylardagi “paradoks”

Qizig‘i shundaki, katta uylar (3 va 4 xonali)ning ijara narxlari biroz tushdi – 2 foizga. Lekin shunday bo‘lsa ham narxlar balandligicha qolmoqda. 

Masalan, eng arzon to‘liq ta’mirlangan uylarni Sergeli yoki Uchtepa tumanlaridan topish mumkin. 4 xonali uylar uchun ijara narxi o‘rtacha 650 dollar atrofida.  

Lekin eng qimmat joylar – Mirobod va Shayxontohurda to‘liq ta’mirlangan 4 xonali uylar ijarasi 1200 dollardan oshib ketadi.

Uy-joyga bo‘lgan talab yuqoriligicha qolishi va bozordagi yetishmovchilik sabab narxlar ko‘tarilaveradi. Bu esa, ijara bozorida ham o‘z aksini topadi.

Rasm: OLX

@beshtorr

#koʻchmasmulk #ijara
O‘zbekistonda xonadonlar yetishmovchiligi bor, shu sababli ular hali-beri arzon bo‘lmaydi

Uy-joy bozori hozir yaxshi ahvolda emas — o‘tgan yilga nisbatan sotuvlar ham kamaydi, narxlarning o‘sishi ham sekinlashdi.

Biroq, bularning barchasi vaqtinchalik, chunki uy-joyga bo‘lgan talab avvalgidek yuqoriligicha qolmoqda.

Masalan, Markaziy bank hisob-kitoblariga ko‘ra, so‘nggi yetti yilda O‘zbekistonda yangi nikohlar soni yangi xonadonlar sonidan 3,5 baravar ko‘p bo‘lgan.

Oddiy qilib aytganda, ko‘plab yangi oilalar paydo bo‘ldi, ularga alohida uy-joy kerak.

BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2015-2025-yillarda O‘zbekistonda har yili 150 mingta yangi xonadon qo‘shilishi kerak edi.

Biroq, amalda 2015-2023 yillarda ularning soni ancha kam — yiliga o‘rtacha 91,2 mingtani tashkil etdi.

Shu sababli aholi o‘sishi va uy-joylar soni o‘rtasida nomutanosiblik yuzaga keldi.

Aytgancha, 1-iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 37,1 million kishi istiqomat qilgan, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi esa 2029 yilga kelib bu ko‘rsatkich 41 millionga yetishini bashorat qilmoqda.

Bu degani xonadonlarga bo‘lgan talab o‘sishda davom etadi va u bilan birga narxlar ham ko‘tariladi.

Ba’zida bu 2022-2023-yillardagidek juda tez, ba’zida esa 2024-yildagidek sekin sodir bo‘ladi.

Sun’iy taqchillik

Xonadonlar narxi doimiy ravishda oshib borishining yana bir sababi shuki, ular ko‘pincha yashash uchun emas, balki pulni "saqlab qo‘yish" maqsadida sotib olinadi.

Bu yaxshi holat emas, chunki "pufak" paydo bo‘lmoqda — xonadonlar o‘zi kam-u, sotuvga qo‘yilayotganlari esa undan ham kamroq.

Boshqa tomondan, O‘zbekistondagi odamlar katta mablag‘larini yana qayerga joylashtirishlari mumkin? Tanlov unchalik ko‘p emas-ku...

Shuning uchun uy-joy tejash yoki daromad topishning usuliga aylanganiga ajablanmaslik kerak. Bu hamma joyda, hatto ipotekada ham ko‘zga tashlanmoqda.

Oddiy bir misol – 2017-yilda ikki va undan ortiq marta ipotekaga uy olganlarning ulushi 3,7 foizni tashkil etgan. Yetti yildan so‘ng, bu ko‘rsatkich 6,5 foizgacha ko‘tarildi.

Aynan shu sababli 1-maydan boshlab byudjet mablag‘lari hisobidan ipoteka faqat undan ilgari foydalanmaganlarga beriladi.

Shu yo‘l bilan davlat qayta sotish uchun emas, balki o‘zi uchun uy-joy kerak bo‘lganlarni ko‘proq qamrab olishni maqsad qilmoqda.

Ko‘ramiz, bundan nima chiqishini.

Rasm: OLX

@beshtorr

#koʻchmasmulk #bozor
Kaspi O‘zbekistonga kirmoqchi. Bu nima uchun muhim

Qozog‘istonlik Kaspi kompaniyasi Humo to‘lov tizimini sotib olishga da’vogar bo‘lganini ma’lum qildi.

Humo sotilayaptimi? Ha, bu davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish doirasida amalga oshirilmoqda. Da’vogarlardan arizalarni qabul qilish iyul oyida boshlangan.

Kaspi rahbari Mixail Lomtadzening aytishicha, kompaniya O‘zbekistonga katta miqdorda sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda.

Markaziy Osiyodagi eng muvaffaqiyatli kompaniyalardan biri

☯️2000-yillarning boshida Kaspi oddiy bank edi, ammo 2006-yilda yangi hammuassislar kelishi bilan biznesni o‘zgartirish boshlandi.

☯️2020-yilda kompaniya London fond birjasida IPO o‘tkazdi va 21 milliard dollar baholanib, mintaqadagi birinchi "yakkashox"ga aylandi.

☯️2024-yilga kelib, Kaspi Qozog‘istonning deyarli barcha aholisi foydalanayotgan ekotizimga (bank, marketpleys, fintex) aylandi.

Kompaniyaning muvaffaqiyati shu qadar noyobki, uni Garvard biznes maktabida o‘rganishmoqda.

Bu muvaffaqiyat haqida bu yerda batafsil o‘qishingiz mumkin. Tavsiya etaman - qiziqarli va ilhomlantiruvchi matn.

Kaspi O‘zbekiston kompaniyalarini ilhomlantiradi

Kompaniyaning 2024-yilning birinchi yarim yilligidagi umumiy daromadi 2,5 milliard dollar, sof foydasi esa 962 million dollarni tashkil etdi.

Taqqoslash uchun, bu O‘zbekistonning eng boy korxonalaridan biri hisoblangan UzAuto Motors kompaniyasining sof foydasidan qariyb 7 barobar ko‘p.

Shunaqa ekan, Kaspiyning muvaffaqiyatini boshqa mamlakatlarda takrorlashni xohlaydigan kompaniyalar tez orada paydo bo‘lgani ajablanarli emas.

O‘zbekistonda bular Uzum va Humans.

Kaspining kelishi ko‘p narsani o‘zgartirib yuboradi

O‘z-o‘zidan, bunday katta resurslarga ega kompaniya bozorga investitsiyalar, texnologiyalar, odamlar, g‘oyalar, raqobat, iste’molchilar uchun mahsulotlar borasida jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, bizning ma’lumotlarimizga ko‘ra, Kaspi ancha vaqtdan buyon O‘zbekiston bozoriga kirishga urinib kelmoqda, biroq ayrim sabablar tufayli bu haligacha amalga oshmayapti.

Yangi urinishdan qanday natija chiqishini ko‘ramiz.

Stay tuned (c).

Foto: Reuters

@beshtorr

#kaspi #fintex #ecom #bozor
Please open Telegram to view this post
VIEW IN TELEGRAM
Oltin narxi rekord darajada. O‘zbekistonda uni sotib olish usullari

Bu yil oltin uchun yaxshi keldi – yaqinda bir unsiya narxi 2 525 dollarga chiqib, yangi rekord o‘rnatdi. 

Sababi oddiy – otin “himoyalovchi” investitsiya turi hisoblanadi. Ya’ni dunyoda vaziyat notinch bo‘lganda, odamlar, kompaniyalar va hatto davlatlar ham oltinga ko‘proq sarmoya kiritishni boshlaydi. 

Bu talabni ortishi oltin narxining ko‘tarilishiga olib keladi. Hozir aynan shunday bo‘lyapti.

O‘zbekistonda ham oltin sotib olsa bo‘ladi

10 yil avval bizda oltinni qonuniy sotib olish imkoni yo‘q edi, lekin oxirgi bir necha yilda vaziyat ancha o‘zgardi.

Hozirgi kunga kelib, O‘zbekistonda oltinni tanga, quyma va to‘plamlar sifatida banklardan sotib olish mumkin. 

Ularning barchasi o‘zimizda, NKMKda ishlab chiqariladi. Oltin probasi 999 — bu hozirgi vaqtda metallning eng yuqori tozalik ko‘rsatkichidir. 

Oltinning oldi-sotdisidan pul topish mumkinmi?

Hammasi sotib olish va sotish vaqtiga bog‘liq.

Deylik, men roppa-rosa 1 yil avval bir dona 10 gr oltin quyma sotib olgandim. O‘shanda u 7 675 000 so‘m bo‘lgan edi. 

Narxlar oshganini hisobga olib, men uni bugun sotganimda 10 542 000 so‘m bo‘lardi. 

Bunda nominal daromad 2 867 000 so‘m yoki 37,3 foizni tashkil etgan bo‘lardi.

Shu vaqt mobaynida narxlar o‘rtacha 11 foizga oshdi. Demak, real daromad 26,3 foiz yoki 2 022 750 so‘mni tashkil qildi. 

O‘zbekiston sharoitida bu juda yaxshi ko‘rsatkich.

Demak, oltin sotib olish kerakmi?

Bu hech kim aniq javob bera olmaydigan savollardan biri.

Oltin – “injiq” sarmoya turi. Ha, hozir uning narxi ko‘tarilmoqda, lekin bu holat davom etishiga kim kafolat bera oladi?

Shunday ekan, har kim o‘ziga mos jamg‘arish usulini tanlaydi.

Eng muhimi, pullarni kartada yoki naqd holda “sof” ko‘rinishda saqlamaslik — ular har oy taxminan 1 foizga “arzonlashadi”.

Foto: Markaziy bank

@beshtorr

#investitsiyalar #oltin
Bu yil UzAuto Motors soatiga 437 mln foyda olyapti ekan

UzAuto Motors birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha hisobot berdi.

Unga ko‘ra, kompaniyaning 6 oylik sof foydasi 1,9 trln so‘mni tashkil qilgan.

Oddiy qilib aytganda, bu yilda kompaniya:

daqiqasiga 7,3 mln so‘m

soatiga 436,7 mln so‘m

kuniga 10,4 mlrd so‘m

oyiga 318,8 mlrd sof foyda olyapti.

Siz bu postni o‘qib bo‘lguningizcha, kompaniya 3-4 mln so‘mga boyib ulguradi )

Shu bilan birga, O‘zbekistonda avtomobil savdosi pasaymoqda

O‘tgan yilga nisbatan “inomarkalar” savdosi 46,5 foizga qulab tushdi, biroq mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar bilan vaziyat ancha yaxshiroq — ularda bor-yo‘g‘i 6 foizlik pasayish kuzatildi.

Sabablar haqida bu yerda aytib o‘tilgan edi, takrorlashning hojati yo‘q.

Shunchaki ta’kidlash joizki, bu yil UzAuto Motors tarixidagi moliyaviy tarafdan eng muvaffaqiyatli yil bo‘lishi mumkin.

P.s. UzAuto Motorsdagi mavjud sharoitlarda muvaffaqiyatli bo‘lish mazza bo‘lsa kerak.

Foto: UzAuto Motors

@beshtorr

#kompaniyalar #avto
Please open Telegram to view this post
VIEW IN TELEGRAM
Telegram Center
Telegram Center
Channel