Kaspi O‘zbekistonga kirmoqchiligi haqidagi
xabardan so‘ng, turli xil qarashlar paydo bo‘ldi.
Masalan, u butun bozorni egallab, monopollashtirib olishi haqidagi shov-shuvlarni eshitgan bo‘lsangiz kerak?
Vaziyatga xolis qarasak, bu ish unchalik ham oson emasligini tushunish mumkin.
Birinchidan, 2010-yillardagi Qozog‘iston bilan 2020-yillardagi O‘zbekiston bir xil holatda emas.
O‘z vaqtida Kaspining muvaffaqiyatga yordam bergan ko‘p xizmatlar bizda allaqachon mavjud.
Ma’lumotnomani (“spravka”) onlayn olish? Jarimalarni ilova orqali to‘lash? Tovar sotib olib, o‘sha yerning o‘zida muddatli to‘lovni rasmiylashtirish-chi? QR-kod bilan to‘lashmi? Marhamat, o‘nlab xizmatlar bor.
Ha, yana Kaspining kuchi ekotizimda – foydalanuvchiga hamma xizmatlarni bir joyda taqdim etish imkoniyatida (shunga kompaniya uchun eng muhim ko‘rsatkich – NPS, ya’ni mijozlar sodiqlik indeksi).
5 yil oldin bunday biznes model biz uchun yangilik bo‘lardi. Ammo hozir Yandex Go, Humans, Uzum, TBC, Alif turganda, ekotizim bilan bizni hayratda qoldirish qiyin.
Sodda qilib aytganda, Kaspi bizga qanaqadir yangi yondashuv taklif qilishi mumkin, lekin biz hali ko‘rmagan-bilmagan narsani olib kelish ehtimoli kam.
Ikkinchidan, Kaspi 2019-yildayoq Ozarbayjon bozoriga kirib, uchta saytni sotib olgan:
⏺ Turbo.az (avtomobillar);
⏺ Tap.az (tovarlar);
⏺ Bina.az (ko‘chmas mulk).
Mana 5 yil o‘tib, ularning barchasi mamlakatdagi eng ko‘p tashrif buyuriladigan sayt qatoriga kiradi. Lekin Kaspi sotib olgunga qadar ham ular shunday ommabop bo‘lgan.
Keyinchalik to‘rtinchi sayt –
Boss.az (ish) qo‘shildi. Uning ko‘rsatkichlari ilgari qanday kamtarona bo‘lgan bo‘lsa, shundayligicha qoldi.
Ya’ni, Kaspi kompaniyani sotib olgach, u birdan kuchayib, ommalashib ketgani yo‘q.
Bir mamlakatdagi muvaffaqiyat boshqa mamlakatdagi muvaffaqiyatni kafolatlamaydi.
Masalan, 2018-yilda Amazon Turkiya bozoriga kirgach, ko‘pchilik uni №1 bo‘ladi deb o‘ylagan edi. Yo‘q, bo‘lmadi.
O‘zbekistonda ham bunga misollar bor. So‘nggi 2 yilda bir nechta raqamli banklar ochildi. Ularning ortida katta mablag‘ va nufuzli odamlar turibdi, lekin na birinchisi, na ikkinchisi zo‘r natija ko‘rsatishga yordam bermayapti.
Yana bir misol – Carrefour supermarketlari. Xalqaro brend, chet el top-menejmenti, AKFA bilan hamkorlik, katta investitsiyalar va shahardagi eng yaxshi joylar — barchasi jiddiy edi.
2020-yilda, kompaniya O‘zbekistonga kirib kelganda, “Ana, hozir Korzinkani yeb tashlaydi” degan gaplar ham bo‘lgan edi, lekin Carrefour 2 yilga bormasdan yopilib ketdi.
Uchinchidan, TBC yaqinda rivojlanish uchun qariyb
40 million dollar jalb qildi, Uzum “yakkashox”ga aylandi, Yandex Go o‘nlab million dollar sarmoya kiritmoqda.
Bu va boshqa kompaniyalar yillar davomida infratuzilma yaratib, mijozlar bazasini kengaytirib, tajriba to‘plashdi. Ularni siljitish oson bo‘lmaydi.
Bundan tashqari, ularda o‘z vaqtida
Aliexpress, Sber, Uber kabi gigant kopmaniyalar bilan muvaffaqiyatli raqobatlashgan odamlar ishlaydi. Bundan keyin ularni Kaspi bilan qo‘rqitish qiyin.
XulosaShubhasiz, Kaspi kirib kelishi bozorga ta’sir qiladi, chunki u katta mablag‘ va katta tajribaga ega yirik kompaniya.
Biroq, ular bozorda o‘z o‘rnini egallashi uchun juda ko‘p harakat qilishi kerak bo‘ladi.
Qozog‘istondagi muvaffaqiyatni O‘zbekistonda takrorlab bo‘lmas ekan (boshqa bozor, boshqa vaqtlar), kompaniya yangi usullarni izlab, sinab ko‘rish lozim bo‘ladi.
P.s. Ko‘pchilik hozir Kaspi umuman O‘zbekistonga kira oladimi, degan savolni bermoqda.
Hа, rasmiy va bozor to‘siqlari yo‘q. Bizda ochiq iqtisodiyot-ku )
Boshqa jihatlarga kelsak, hammasi kompaniyada davlat bilan ishlash (GR) qanchalik yaxshi yo‘lga qo‘yilganiga bog‘liq.
Kaspi o’zi хам buni yaxshi tushunadi, shuning uchun avvalambor O‘zbekistondagi islohotlarni maqtab, ular bilan birga mamlakatga o‘zlarining investorlarini (Fidelity, Blackrock, Capital International, Baillie Gifford) ham olib kelish mumkinligiga ishora qildi.
Bu qanday natija beradi, bilmayman, lekin yondashuv to‘g‘ri )
@beshtorr#kaspi #fintex #bozor #kompaniyalar