View in Telegram
O‘zbekistonda xonadonlar yetishmovchiligi bor, shu sababli ular hali-beri arzon bo‘lmaydi Uy-joy bozori hozir yaxshi ahvolda emas — o‘tgan yilga nisbatan sotuvlar ham kamaydi, narxlarning o‘sishi ham sekinlashdi. Biroq, bularning barchasi vaqtinchalik, chunki uy-joyga bo‘lgan talab avvalgidek yuqoriligicha qolmoqda. Masalan, Markaziy bank hisob-kitoblariga ko‘ra, so‘nggi yetti yilda O‘zbekistonda yangi nikohlar soni yangi xonadonlar sonidan 3,5 baravar ko‘p bo‘lgan. Oddiy qilib aytganda, ko‘plab yangi oilalar paydo bo‘ldi, ularga alohida uy-joy kerak. BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2015-2025-yillarda O‘zbekistonda har yili 150 mingta yangi xonadon qo‘shilishi kerak edi. Biroq, amalda 2015-2023 yillarda ularning soni ancha kam — yiliga o‘rtacha 91,2 mingtani tashkil etdi. Shu sababli aholi o‘sishi va uy-joylar soni o‘rtasida nomutanosiblik yuzaga keldi. Aytgancha, 1-iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 37,1 million kishi istiqomat qilgan, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi esa 2029 yilga kelib bu ko‘rsatkich 41 millionga yetishini bashorat qilmoqda. Bu degani xonadonlarga bo‘lgan talab o‘sishda davom etadi va u bilan birga narxlar ham ko‘tariladi. Ba’zida bu 2022-2023-yillardagidek juda tez, ba’zida esa 2024-yildagidek sekin sodir bo‘ladi. Sun’iy taqchillik Xonadonlar narxi doimiy ravishda oshib borishining yana bir sababi shuki, ular ko‘pincha yashash uchun emas, balki pulni "saqlab qo‘yish" maqsadida sotib olinadi. Bu yaxshi holat emas, chunki "pufak" paydo bo‘lmoqda — xonadonlar o‘zi kam-u, sotuvga qo‘yilayotganlari esa undan ham kamroq. Boshqa tomondan, O‘zbekistondagi odamlar katta mablag‘larini yana qayerga joylashtirishlari mumkin? Tanlov unchalik ko‘p emas-ku... Shuning uchun uy-joy tejash yoki daromad topishning usuliga aylanganiga ajablanmaslik kerak. Bu hamma joyda, hatto ipotekada ham ko‘zga tashlanmoqda. Oddiy bir misol – 2017-yilda ikki va undan ortiq marta ipotekaga uy olganlarning ulushi 3,7 foizni tashkil etgan. Yetti yildan so‘ng, bu ko‘rsatkich 6,5 foizgacha ko‘tarildi. Aynan shu sababli 1-maydan boshlab byudjet mablag‘lari hisobidan ipoteka faqat undan ilgari foydalanmaganlarga beriladi. Shu yo‘l bilan davlat qayta sotish uchun emas, balki o‘zi uchun uy-joy kerak bo‘lganlarni ko‘proq qamrab olishni maqsad qilmoqda. Ko‘ramiz, bundan nima chiqishini. Rasm: OLX @beshtorr #koʻchmasmulk #bozor
Telegram Center
Telegram Center
Channel