Hozirda yozilayotgan tweetlarning 20 foizidan ortig‘i sun’iy intellekt tomonidan ya’ni robotlar tomonidan yozilayotgani aytilmoqda. Bu o‘n millionlab soxta profillar borligi, ular boshqalarni inson ekanligiga ishontirib, insondek kontent yaratayotganini anglatadi. Instagramdagi go‘zal qizlarning necha milliontasi hozirda amalda sun’iy intellekt orqali yaratilayotganini hatto bilmaymiz ham.
Buni nimasi yomon dersiz. Bu o‘ta xavfli jarayon. Deylik, siz ijtimoiy tarmoqda kim bilandir bahsga kirishdingiz. Siz argumentlaringiz kuchli bo‘lsa, narigi tomonning fikrini o‘zgartirishingiz, kamida ta’sir o‘tkazishingiz, o‘z fikringizni himoya qilishingiz mumkin. Endi, fikrini o‘zgartirmaydigan sun’iy intellekt bilan bahsga kirishdingiz. U hech qanaqasiga sizning fikringizni qabul qilmaydi, o‘zinikini o‘zgartirmaydi. Uning vazifasi o‘z algoritmlaridan foydalanib sizning fikringizni o‘zgartirish bo‘lishi mumkin. Bu vaziyatga unga sizga qarshi millionlab botlar yordamga kelishi mumkin. Siz qancha bahsga kirishsangiz, u sizni shunchalik tahlil qiladi va shunchalik yaxshiroq biladi. Bu unga sizga ta’sir qilish uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Tarixda birinchi marta insoniyatni ommaviy manipulyatsiya qilish, xohlagan yo‘nalishga burib yuborish imkoniyati paydo bo‘lmoqda.
Bunga qarshi Daniel Dennetning maqolasini o‘qib qoldim. Bu manga juda qiziqarli tuyuldi. Daniel Dennit sun’iy intellektga qarshi xuddi soxta pulga qarshi kurashgandek kurashadigan qonun taklif qilmoqda. Pul paydo bo‘lgandan beri uni soxtalashtirish imkoniyati texnik tomondan doim mavjud bo‘lgan. Agar bu imkoniyat erkin bo‘lganda, butun boshli moliya tizimi savol ostiga qo‘yilar, insoniyat taraqqiyoti bu kunga yetib kelmagan bo‘lardi. Soxta pullarni taqiqlash va qat’iy jazo evaziga, butun dunyo moliya tizimi ming yillar davomida yashab qoldi. Hozirda bor naqd pul massasining faqatgina bir foizi soxta ekanligi taxmin qilinadi. Shu uchun ham odamlar pulga va moliyaga ishonadi.
Pulni soxtalashtirishga qarshi beayov kurashilganidek, Daniel Dennet insonni soxtalashtirishga qarshi ham beayov kurashish kerakligini aytmoqda. Pulga ishonchni saqlab qolishdi hukumatlar qat’iy bo‘lganidek, insonlarga ishonchni saqlab qolishda ham hukumatlar qat’iy bo‘lishi kerak. Sun’iy intellektdan oldin bir kishi o‘zini boshqa kishining o‘rniga davo qilsa, u qonunan qattiq jazolangan. Endi shu ishni sun’iy intellekt qilsa, hozircha jazo mexanizmi mavjuda emas. Endi sun’iy intellekt o‘zini odam o‘rniga ko‘rsatish imkoni paydo bo‘lgach, u insonlar o‘rtasida ishonchga, shuningdek ijtimoiy tartibga putur yetkazishi mumkin.
Dennerga ko‘ra, hukumatlar soxta insonlarni soxta pulni taqiqlagandek qat’iyat bilan taqiqlashlari kerak. Gap faqat alohida shaxsning deepfake videosini yaratish va tarqatish haqida ketmayapti. Umuman, xohlagan bot yoki robotni o‘zini inson o‘rnida tanitishga taqiq qo‘yish haqida ketmoqda. Qonun qabul qilinsa, texnik tomondan platformalarni bunga majburlash imkoniyati nazariy tomondan mavjud va amalga oshirsa bo‘ladi.
Yangi zamon bizga yangi muammolar taqdim etmoqda.
#mulohaza@allaevuzb