***
Ozodaga
Qo‘shtepa,
ko‘chalar olmali, qushli,
Erta kirib kelar, kuz – sohibjamol.
Har doimgidan ham esmoqda kuchli,
Demak, sochlaringni sog‘ingan shamol!
Kuylagim kelyapti, tevarak jimdir…
So‘zingni hijjalab etaman tafsir,
O‘zgarib ketadi butunlay tarhim,
Men – shoirman, suyun batafsil,
Men – shoirman, baxtingga qarshi.
Cheti uchib ketgan ko‘nglimni sindir…
Tasbehli qo‘llarda uzatilar may,
Bir qultum ichmayman, va’dami, va’da.
Masjiddan chiqaman ibodat qilmay,
Kechir, qo‘llaringni qaytardim, qadah!
Yig‘lagan men emas, rubobdir, simdir...
Chekinma, men cho‘kdim chekingan sari,
Necha yil men sorig‘ o‘tdim bahordan.
Ishongin, qoshingga bir kecha g‘arib,
Ishongin, qoshingga ulug‘ shahardan
Shaytonga gul otib, qaytadi kimdir...
2024
https://t.center/humoyunfattoh