***
Yiyna urib tikib qo‘ying Farg‘onani ko‘zlarimga…
Atlas to‘qib hislarimdan Marg‘ilonni o‘rab bering,
Tilginamga holva topdim dildorimning izlaridan,
Ey yoronlar, qo‘llarini
so‘rab bering qo‘llarimga…
Andijonda jonim mani o‘krab chiqdi namozshomda,
Namanganda qonim qaynab faryod chekdi har oqshomda.
Sherlar keldi Samarqanddan, bu yigitning so‘zi rost deb,
Ey yoronlar, qamchi tegdi,
O‘tay desam bu dovondan…
Uchqo‘rg‘onda uchta qo‘rg‘on, barisida bitta armon,
Oltiariq tomonlardan shamol bilan yeldi hijron,
Vodiy uzra ucholsaydim, yordam bersa oymomojon,
Ey yoronlar, sevgilimning
Mijgonlari oromijon…
Haziniyday hazindirman, G‘aribiyday g‘aribdirman,
Muqimiyning hujrasida telbaxayol sanqibdirman,
Bo‘sh qadahga dardlarimni to‘lgunicha sipqibdirman,
Ey yoronlar, billalashib
Alam bazmin qizdiraylik…
Yiyna urib tikib bering Farg‘onani ko‘zlarimga,
Hislarimdan atlas to‘qib Marg‘ilonni o‘rab bering..
Hech qursa, bir ro‘molini hadya eting, o‘tinaman,
Tushib ketgan yuragimni
Chirmab bering ko‘kragimga…
@abduvali_qutbiddin