Qishloqda oyiga 1-2 ta kitob oʻqiyotganlarni bemalol qahramon desa boʻlaveradi…Nega unday deyotganimni tushuntirishga harakat qilaman.
Sizga qanchalik gʻalati tuyilmasin kitob oʻqish va bilim olish insonning birlamchi ehtiyojlari hisoblanmaydi. Bu faqat bizda emas, uyida gaz va sveti oʻchmaydigan rivojlangan davlatlarda ham shunday.
Qorningiz ochganida yoki sovuqdan muzlab oʻtirganingizda kitob oʻqish koʻnglingizga sigʻadimi? Vaziyatga ana shu nuqtadan qarang, vassalom.
Qishloqlarda
(men bilgan biror qishloqda) gaz yoʻq. Oʻtin ham arzon narsa emas. Tok yordamida isitish ham deyarli imkonsiz. Shu sababdan odatda bitta uyda faqat bir xonada oʻtin yoqiladigan pechka boʻladi. Hamma bir xonada yigʻilib oʻtiradi, Tv koʻradi, kerak boʻlsa hamma bir xonada uxlaydi. Shuning uchun ham is gazidan koʻpincha oilaviy zaharlanib oʻlishadi…
Ana shu sharoitda 1-2 ta kitob oʻqishni men qahramonlik deb hisoblayman.
Ammo bu sharoitlar qishloqlardan “qahramonlar” chiqishini kamida 80%ga kamaytirsa ham ajabmas. Ya’ni odamlar birlamchi ehtiyojlar bilangina band va ularga Tvda kitobxonlik haqidagi koʻrsatuvlar qiziq emas. Shunday vaziyatda sovuq xonada maktab oʻquvchisi ham dars qilmasligi aniq.
Birlamchi ehtiyojlarning qondirilmasligi umummillat ahvoliga, kitobxon boʻlishiga, dars qilishiga qanchalik halaqit berishini tasavvur qilish esa qiyin emas. Yoshligimni, maktab davrlarini eslayman. Tok koʻp oʻchardi, ammo har uyda gaz bor edi. Svet oʻchganida pechkadagi garelkani chiqarib qoʻyib yorugʻida dars qilardik. Kichikroq ukalarim buni ertakdek eshitadi hozir.
Men hali buning tibbiy oqibatlari, psixologik va ruhiy ta’siri haqida gapirmadim. Oʻzim qiziqadigan tomonidan qaradim xolos. Bu vaziyatda pazlning boshqa shakllarini ham birlashtirsa juda qoʻrqinchli, ayanchli manzara paydo boʻlsa kerak.
Biz aholini 100% gaz bilan ta’minlaganmiz deb (gaz ballonlarni nazarda tutadi) hisobot beradiganlarni qishloqlarning loy koʻchalari boʻylab olib oʻtish kerak. Har bir odamga esa muzlab oʻtgan har kuni uchun oʻsha amaldorlar yuziga bittadan tuflashga imkon berish kerak. Lekin bu ham xalqni qiynashning bir usuli boʻlib qolmasmikan deb oʻylab qolaman. Bu hisobsiz kunlarga mos raqamlarda tuflash ham imkonsizdek…
Lekin siz tishni-tishga qoʻying. Imkonini qilib dars tayyorlang, kitob oʻqing. Katta amaldor boʻling. Nepotizm-u bir balo tizimlar deyishsa ham oʻzingiz yashagan qishloqqa sharoit qilib bering. Bunga imkon yetmasa hech boʻlmasa, yaqinlaringizni gaz va sveti oʻchmaydigan joylarga olib keting. Men imkon boʻlishi bilan aynan shunday qilmoqchiman…
🕊Telegram 📱Instagram