Shoir do‘stimiz Rahmiddin Abrayev tug‘ilgan kun.
(Yaratgan mushkullarini oson etsin)
YIGIRMA YETTINCHI BEKAT
Endi yorilmoqdan boshqa chora yoʻq,
Yurak, meʼyoriga yetdi iztirob.
Yarim umrim oʻtib ketdi qup-quruq,
Toʻkilib ketgandek qadahdan sharob.
Mushohada qilsam gar ortga qarab:
Tiyramoh bogʻ yangligʻ huvillar umr.
Yigirma yetti yil yurdim tentirab,
Siniq ruhim bilan notinch, behuzur.
Halloslab kelapman ogʻir yuk olib,
Poyezdga kech qolgan yoʻlovchi misol.
Butun hayotimdan kelgandir gʻolib,
Yigirma yettinchi bekat, ehtimol?..
Behalovat, siniq ruh bilan notinch,
Oʻz-oʻzimdan ortib bormoqda shubham.
Oʻylab, oʻylarimga yetolmayman hech,
Nimani oʻtkazib yubordim ekan?!
***
Hali singanim yoʻq, oʻchmadi chindan
Qalbda yongan otash, koʻzda chaqinim.
Yigʻlab yurganim yoʻq, goʻdakligimdan
Tashlab ketdi deya barcha yaqinim.
Qancha tayoq singan boshimga, afsus,
Goho yomgʻir yogʻdi, goho yogʻdi qor.
Nolimayman, ammo toʻrtta faslim kuz,
Biror bahorim yoʻq, kutsam intizor.
Yolgʻiz qolsam sheʼrlar oʻqiyman sayroq,
Balki ovunarman shu deb ismatim.
Koʻnglim — davlatimdir, yurak — qon bayroq,
Sendan ming roziman, qaro qismatim!
Hamdam boʻlsa agar kuy, ohang, chin soʻz,
Zindon ham tuyular keng, yorugʻ, shinam.
Garchi, qoʻlda kishan, garchi, men — mahbus…Buncha arzon sotding, meni Shahinam?!
Vijdonni pok tutdim, iymonni butun,
Chirkin kimsalardan ayladim hazar.
Shukrona qilurman sinovi uchun,
Mingdan-ming roziman, shu boʻlsa Qadar!
***
Kallaklangan tutga oʻxshayman,
Oʻsish ilmin bilaman faqat.
Ming qirqilsam, ming bor yashnayman,
Koʻrsataman har gal jasorat.
Sevaman shu qari hayotni,
Kurashaman uni deb bot-bot.
Meros qilib bardosh, sabotni,
Olsin mendan keyingi avlod.
Nihollarim oʻzimdek unsin,
Oʻsishmasin boʻsh-bayov, poʻrim.
Kelajakka namuna boʻlsin,
Osmon sari yuksalgan umrim.
@jaloliddinsayid