Chiptali yo‘lovchi
Poyezd jo‘nab ketdi.
Perronda yolg‘iz,
Qo‘lda chipta bilan qoldi yo‘lovchi...
Qattiq ishonar u: chiptasi borlarni,
Poyezd tashlab ketmas, lafzidan qochib.
O‘zi kech qolgan-u, asliga boqsang,
Vaqtini hisobga olmagan, beg‘am.
Endi shu chiptaga, umid bog‘lamoqdan
Bo‘lak taskini yo‘q.
Bechora odam.
Hozir o‘ylaydi u; "Bu g‘irrom. Nega? "
Ammo bunda har ne bo‘lishi mumkin.
Masalan, boshqa bir odam o‘rniga
Boshqasi o‘tirib olishi mumkin.
Yoki konduktorning ko‘nglini qayrab,
Sirli imo bilan va'da qilib don...
Uning haq o‘rnida yotgandir yayrab,
Chiptadan qimmatroq, birorta jonon...
O‘zimni ko‘raman, senga termulib,
Men ham tushgan edim shu kabi holga.
Hayot temir yo‘lin, qay vokzalinda
Aldanib qolganman quruq xayolga.
Men-ku kech qolmagan edim, o‘sha kez
Faqat xato ketdi nedir, bilmadim.
Seni tashlab ketgan manovi poyezd,
Mening kutganimda esa...
Kelmadi.
O, manov chiptalar...
mana bir tugun,
Ko‘z tashlab turaman tez-tez bariga.
Senga achinmadim.
Kechir.
Men bugun,
Ishonmay qo‘yganman Poyezdlariga.
23.08.2024y
@jaloliddinsayid