Sarhisob
Fursat charxpalakdek umrimdan olib,
Yana bir yilimni tashladi ortga...
Qancha kurashlardan chiqoldim gʻolib,
Qanchasin boy berdim,
Kimsan,
Hayotga.
Nelarni unutdim,
unuta oldim,
Koʻnglim xalos boʻldi ortiqcha yukdan.
Nelarni naqqoshdek yodimga soldi(m)
Shu «naqsh»lar tufayli balki tirikman.
Koʻp narsa oʻzgardi, toʻgʻrisin aytsam,
Koʻp narsa oʻzgarmay qoldi, bu ham rost.
Gohida chorasiz yoʻlimdan qaytsam,
Gohida yoʻl topdim qayta turib, soz.
Muhimi, dars olib kamalaklardan,
Ikki ters qirgʻoqqa koʻprik boʻlishni.
Yashashni oʻrgandim kapalaklardan,
Chinorlardan esa
qanday Oʻlishni...
Hech narsa qolmagay dunyoda qoyim,
Faqat yasholsang bas,
Har daming bayram.
... Oʻtgan yillar uchun shukur, Xudoyim,
Xayrli qilgaysan kelgusini ham!!!
@jaloliddinsayid