#poeziyaMuhabbatdan so‘ng
Armon – jo‘natilmay qolgan ko‘hna xat,
hech kim o‘qimagan, surtmagan ko‘zga.
Yurakda sarf bo‘lmay qolgan muhabbat
zard va ajin bo‘lib tepchiydi yuzga.
Yirtib tashlanmagan, g‘ijimlanmagan
armonni hijjalar dil og‘riqlari.
Na «nima»lanmagan, na «kim»lanmagan
sog‘inchlaring toshga aylanar… qarib.
Kun kelar, tugaydi armonlar zulmi,
Gulning hijroni ham tugar nihoyat.
Seni xarob etgan shu bitta gulni
Nechun sevadirsan bu qadar ayab?
Armon – gul sig‘magan manglay torligi,
armon – qul sig‘magan ikki jahoning,
armon – sevilmagan dilning borligi,
armon – qo‘ling emas, ko‘zyoshing qoni.
Endi sog‘inchdan-da, muhabbatdan-da
yot bir ehtiroslar yurakni qamrar.
Lablarda kulgimas, zahar bir xanda,
ko‘ngilda alammas, yot tuyg‘u amri.
Bu tuyg‘u armonni gunohlar bilan
yuvmoq istagidan topar qanoat.
Uning oqibatin na malak bilar,
na shayton biladi – musibatpanoh.
Na yurak biladi – maktab ko‘rmagan,
na ko‘ngil biladi – azob ko‘zgusi.
Seni umring bo‘yi ezgan, xo‘rlagan
hisga norozilik boradi o‘sib.
Lekin norozilik – armon hissini
kimning qoni bilan yuvarsan halak?
Dimoqqa o‘tirgan qasos isini
cho‘pchak aytib aritarmi bir malak?
Shahrizodang qani, do‘stginam, sening,
qani ming bir kechang ovunmoq uchun?
Bormi bu alamning adoq va eni,
yurib yetolmagan yetarmi uchib?
O‘sha ayoldan baxt so‘ramaslikka
sening yigit qurbing kelmaydi nechun?
O‘zgalar baxtidan to‘ramaslikka
nahotki yetmasa irodang, kuching?
Senga baxt ne kerak, baxtsizlik – nega,
gunohdan tasalli izlagan odam?
Yoziqlarga chiqmoq istaysan ega,
nimangdan, kimingdan qolgan bu odat?..
Har neki o‘tkinchi: qadr, badr ham,
barini omonat yaratmish tangri.
Faqat gunoh qilmoq erki abadiy,
faqat tavba qilmoq imkoni mangu.
©️Faxriyor