View in Telegram
#review #longread #roman Mening eng katta fojiam – hech qachon o'z-o'zimcha qolmaganim! ©️Margaret Mitchell "Shamollarda qolgan hislarim" Yo'q, hatto, Margaret Mitchell ham o'zi yaratgan Skarlet Ohara'ni taniyolmagan. Muxbirlardan biri o'zingizni Skarlet obraziga ko'chirganmisiz deganda "Skarlet – fohisha, men esa yo'q", – deb javob beradi. Ha, men ham o'shanda kitob ilk qo'limga tushgan payt o'qib chiqqanimda anglayolmasdan Skarletni fohisha, Rett Batler'ni esa uchiga chiqqan yaramas, ablah kimsa, Eshlini sof muhabbat ramzi deb xulosa qilgan bo'lardim. Ha, men asarni ayni vaqtida o'qidim. Avval, asar qalbini bir chetga qo'yib, undagi davr haqida gaplashsak. 1861-1865-yillar... Shimollik, janublik aholi o'rtasida boshlangan Fuqarolar urushi. Qora tanli va oq tanli aholining munosabatlari, murakkab siyosiy vaziyat. Davr voqeliklari tip-tiniq tasvirlangan. Asar bag'oyat real. Urushning yetkazgan barcha talafotlari tirik obrazlar siymosida ochib berilgan. Go'yo o'sha yong'inlar, ur-to'polonlar (yoki asardagi har qanday vaziyat) bo'layotgan paytda bir burchakda bekinib tunda oyni, kunduzi quyoshni kuzatganday kuzatasiz. Asar ta'sirida jilmaygan, xo'mrayganingiz, kulganingiz, yig'laganingiz, alam, g'azab...ni his qilganingizni, baxtli va baxtsiz bo'lganingizni hech kim sezib qolmaydi. Vatanga, yerga muhabbat hissi Skarlet timsolida nihoyatda soddalik, bir qadar samimiylik bilan chizilgan. Birorta kitobda yurtga mehrning hech qanday balandparvoz gaplarsiz bu qadar ajib tasvirini hali uchramagandim. U hech kimsiz yolg'iz qolganida har vaqt unga Tara'ga bo'lgan sevgisi, sog'inchi kuch berdi. U faqat tirik qolish uchun emas, uyi, onasi, otasi, xotiralari bo'lgan Vatanini asrash uchun yankini otib tashladi. Zero, nihoyada ham u Taradan panoh topdi. Asarning eng muhim va e'tiborga molik jihatlaridan yana biri bo'lgan ledilik, jentlmenlik mavzularini ochadigan bo'lsak. Ushbu ruhda tarbiyalangan aholining amallarini ba'zan juda kulgili, ahmoqona, ba'zida esa rostakamiga odilona deb topasiz. Umuman olganda, xalqlar avvalboshdan bir xil tuzilgan degan fikrga keldim. Chuqurroq to'xtalsa, erkak kishi doim haq bo'ladi, u doim to'g'risini biladi deyishlar, ayol kishi uchun bu uyat, bu odobdan emas, odamlar nima deb o'ylaydi, hatto kichkinagina ikki yoshli qizaloqning otasi bilan uxlashidan "Voyy o'lmasam...", – deb birmuncha hijolat tortgan, birinchi farzandi o'g'il bo'lmasa, uyaladigan... jamiyat. Bu jamiyatga begona ikkita odam bor edi. Biri tomirida otasining qaynoq irland qoni oqayotgan, o'jar, oshiqlari atrofida parvona, go'zal, erka, ko'ngilxushlik – bazm va ballarni, dabdabani sevadigan Skarlet Ohara. Yana biri o'zi xohlamagan bachkana jentlmenlik odoblaridan birini rad etgani uchun oilasidan quvilgan, irodali, qat'iyatli, jamiyat bilan bir tekisda nafas ololmaydigan, anchayin ablah, biroq o'tkir mulohazali, o'ta romantik, qalbi anchayin o'zgacha joziba bilan o'ziga tortgan bir inson. Ularning ikkalasi ham aslida o'z tillari bilan aytganda, betayin, ablah, ochko'z edilar. Ularning tuprog'i bir yerdan olingandi va Rett aytgani singari ular baxtli bo'la olardi. Agar... Agar Rettning sevgisi chinligini Skarlet tushunganida, ikkalasi ham so'nggi umidlar so'nmasidan avval xudbinlikka o'xshash tuyg'ularini yengganida, Rett esa doimgiday Skarletning qalbidagini kitobday o'qiy olganida edi... Yo'q, eng ko'p Skarlet o'z his-tuyg'ularini ozgina, ozgina barvaqtroq anglaganidami, hammasi boshqacha bo'lardi. Ha, Skarletning yagona aybi, fojiasi shu edi: hech qachon o'zligicha qololmagani. Boya aytganimday, agar oldinroq o'qiganimda Skarlet va Rettning jamiyatning nazdida buzuqlik deb hisoblanadigan har qanday ishlari meni nafratlantirardi. Ammo tasvir juda hissiy va siz hislarni yaxshi yoki yomon deyolmaysiz. Adabiyot esa ana shu hislar uchun ham tirik. Ozoda P.s. Hech qanday mubolag'alarsiz kitob bag'oyat yoqqanidanmi, uning ta'siridanmi, ehtimol, uzoq vaqtdan beri review yozmaganimgami, xullas nimadir sabab yaxshi yozolmadim. Shunga qaramasdan sabr bilan o'qiydigan mard topiladi deb o'ylayman. @kitobism
Love Center - Dating, Friends & Matches, NY, LA, Dubai, Global
Love Center - Dating, Friends & Matches, NY, LA, Dubai, Global
Find friends or serious relationships easily