🔴 Kansler:
Ulug‘ imperator – el mehriboni,
Sohibi muruvvat, sohibi shafqat.
Ul o‘zi adolat, qonun posboni,
Uning izmidadir butun mamlakat.
Haqiqat shamshiri uning zaboni,
Shuni istar undan xaloyiq faqat.
Va lekin bularning baridan ne naf,
Ne naf marhamatdan, aql donishdan,
Ne naf iroda-yu kuyish, yonishdan,
Qachonki, bezgakday titrab va qaqshab
Isitma o‘tida yonar saltanat,
Falokat ustiga kelar falokat.
Sen bu yuksaklikdan ko‘z tashla bir bor:
Qo‘rqinchli tush bo‘lib ko‘rinar diyor.
Bu yurtda qay tomon tashlama nazar,
Ko‘rursan tubanlik ham fahsh, alhazar!
Kim birov molini o‘g‘irlab sotar,
Kim birov xotinin quchoqlab yotar.
Ibodatxonalar mulki talondir,
Hech kimdan qo‘rqmasa o‘g‘ri – yomondir.
O‘g‘rilik ayb emas bu yurtda zinhor,
O‘g‘rilik, aksincha sharaf-iftixor.
Kursida beparvo o‘ltirur qozi,
Haqiqat qidirib kelganlar hayron.
Xaloyiq ezilgan – bari norozi,
Qo‘rqaman – boshlanur kattakon isyon.
Zolimlar haddidan oshmasmi bebok,
Hakamlarning o‘zi bo‘lgach madadkor.
Aybdorlar bunda farishtadek pok,
Beayb bechoralar esa aybdor.
Bunda bor na iymon va na e’tiqod.
Ezgulik – olamning bu tub asosi.
Uning ibtidosi va intihosi –
Istibdod qo‘lida bo‘lmakda barbod.
Sofdil odamlar ham bu girdob aro
Nopoklik yo‘liga kirmoqda kam-kam.
Qozi berolmagach o‘g‘riga jazo
Demak, sherik bo‘lar unga o‘zi ham.
Ayanch tasvir etdim holatni biroq,
Asli yurtda ahvol bundan battarroq.
Halokat chohiga yaqin mamlakat,
Avjiga minmoqda zulm, istibdod.
Bu hol davom etsa bir kun oqibat
Taxt-u saltanating bo‘lgusi barbod.
🔴Xazinador:
Bukungi zodagon mulkdorga qara –
Ularning hammasi o‘ziga hokim,
Senga tobelikni sezishmas zarra.
Siyosat ham qilib ko‘rdik bir-ikki,
Ular parvo qilmas – bu qanday holat!
Biz ularga shuncha huquq berdikki,
O‘zimiz huquqsiz qoldik oqibat.
Qandayin nom bilan atalmasin ul –
Tayanch bo‘lmas bizga partiyalar ham.
Ularning olqish-u nafrati bir pul,
Bizlarga yo‘q bundan naf ham, zarar ham.
Bari bir – sen gelfmi yoki gibbelin.
Bukun so‘ramaydi birorta inson,
Hammaning o‘z joni o‘ziga shirin,
Hamma o‘ziga bek, o‘ziga sulton.
Mol-davlat to‘plamoq barchada xayol,
Omborlarga qo‘sh-qo‘sh qulf urib mahkam.
Xazina esa bo‘sh – shunisi malol.
📌 Yohann Volfgang Gyote. “Faust”
#CarpeDiem #AdAstraPerAspera
#SimilarToKnownCountry