Taniqli adib Shodiqul Hamro 60 yoshda Shodiqul Hamro 1964-yili Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida tug‘ilgan. 1989-yilda Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetini bitirgan. Dastlab “Yoshlik” jurnalida muharrir, bo‘lim mudiri, bosh muharrir o‘rinbosari lavozimlarida кeyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Prezident devonida konsultant, “Inson va qonun” gazetasi bosh muharriri sifatida ishlagan. Ayni damda Oliy sud muassisligidagi birlashgan tahririyat bosh muharriri lavozimida faoliyat olib bormoqda.
Adibning “Suratdagi ayol”, “Karvon qo‘ng‘irog‘i”, “Millat xotirasi”, “Qaqnus qanotidagi umr”, “Muazzam” nomli nasriy asarlar to‘plamlari, “Qora kun”, “Ko‘k ko‘l”, “Qaqnus qanotidagi umr” (“Ismsiz”), “Muazzam” nomli qissalari, “Suratdagi ayol”, “Alvon mato ostidagi hayot”, “Hovlidagi daraxt”, “Unutilgan azon pardasi”, “Qushxonadagi voqea”, “Ajrim”, “Tushimdagi olovxon”, “Uyiga qaytayotgan odam”, “Muhabbat maktublari” kabi hikoyalarichop etilgan.
Bir qator hikoyalari asosida telenovellar tayyorlangan. Shuningdek, ko‘pgina asarlari audio kitob qilingan. Shodiqul Hamroning hikoyalari umumtaʼlim maktablari darsligiga kiritilgan. Norboy Xudoyberganov, Ahmad Otaboy, Nazar Eshonqul, Salim Ashur, Uzoq Jo‘raqulov va boshqa taniqli adabiyotshunos olimlar, yozuvchi va shoirlar uning qissa va hikoyalari haqida ilmiy va adabiy-tanqidiy maqolalar eʼlon qilib, betakror isteʼdodini munosib baholagan.
U XX asr adabiyotining Xorxe Luis Borxes, Yasunari Kavabata, Fridrix Dyurrenmatt kabi buyuk namoyandalari va jahon nasrining yana boshqa ko‘plab mumtoz adiblari hikoyalarini yuksak badiiy mahorat bilan o‘zbek tiliga o‘girgan.
Shodiqul Hamroning ijodi va faoliyati hukumatimiz tomonidan munosib baholanib, “Jasorat” medali, “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining ko‘p sonli aʼzolari adibni qutlug‘ 60 yoshi bilan samimiy muborakbod etadi. Uzoq umr, sihat-salomatlik va ijodiy muvaffaqiyatlar tilaydi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati