#nega_aynan “Yer tarixi: Ilk 4,5 milliard yil, fazoviy zarradan ona sayyoragacha”: tarjima uchun asos faktlarMaktab darsliklarida Quyosh sistemasi qay tarzda yuzaga kelgani, Yerning yoshi nechidaligi, dinozavrlar, ularni qirgan asteroid va Darvin evolutsiya nazariyasi haqida umumiy maʼlumotlar beriladi. Biroq barchasi aslida ham shunday boʻlganmi? Bilganlarimiz qanchalik haqiqatga yaqin? Biz bilmagan yoki oʻzgargan faktlar bormi? Bularning bariga minerolog nigohi bilan qarashga nima deysiz?
Mazkur kitob eng kichik fazoviy zarralar yuzaga kelishidan tortib kelajakda ona sayyoramizni nimalar kutib turganigacha bahs yuritadi. Asarning oʻziga xos jihatlaridan bir shundaki, unda geosfera va biosferaning birgalikdagi evolutsiyasi oʻta qiziqarli va mufassal tarzda ochib berilgan.
Muallif Yer tarixi aslida oʻzgarishlar tarixidan iboratligini, uni oʻrganish oʻzlikni anglash bilan borabar esa-da, bu tarixning katta qismi bizga nomaʼlum ekanini taʼkidlaydi. Shunga qaramay, biz eʼtibordan chetda qoldiradigan, "oʻlik" mineral toshlarda sayyoramizning butun tarixi bitilgan boʻlishi hech gap emas.
Ilmiy-ommabop tilda yozilgan ushbu kitobdagi ilmiy tushunchalar sodda va oʻziga xos usulda yetkazib berilgan. Oʻzimiz yashab turgan sayyoraviy uyimizning oʻtmishi, buguni va kelajagiga befarq boʻlmagan kitobxonlar uchun ayni muddao.
Kitob orqali minerallar Yer yuzaga kelishida naqadar muhim ahamiyat kasb etgani, Oyning paydo boʻlishiga oid turli munozarali gipotezalar, olimlar "zerikarli million yillik" deb nom bergan davrda ham aslida ancha-muncha oʻzgarishlar sodir boʻlgani va boshqa koʻplab yangi maʼlumotlarni bilib olish mumkin. “Minerallar evolutsiyasi” deb atalgan yangi atamani kashf etasiz.
Muallifning oʻzi minerolog va astrobiolog boʻlib, u yillar mobaynida turli minerallarni toʻplash va ular ustida tadqiqotlar olib borish bilan shugʻullangan. Kitobda oʻzi boshidan kechirgan sarguzashtlar (Sahroyi Kabirdagi meteorit pullovchi savdogarlar deysizmi yoki oy zarralarini qoʻriqlagan federal agentlar deysizmi), yillar davomida o'zi, hamkasblari va boshqa ilm vakillari olib borgan izlanishlar natijalari va turli gipotezalardan misollar keltirgan.
Mutolaa orqali kitobxon Yer yagona uyimiz ekanini, uning kelajagi uchun har bir inson masʼul ekanini his etadi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring:👇
Telegram |
Facebook |
Instagram |
YouTube |
X