TergovYotoqxonada K ismli kursdoshim bilan xonadosh edik. Universitetda bitta partada o’tirardik. Erta-yu kech birga edik desa ham bo’ladi. U mening ashaddiy tanqidchim edi. “Zulfiyachi”ligimni chandon yashirishga harakat qilsamam, bot-bot yuzimga solardi. “O’tirsam o’poq, tursam, so’poq ekanman-da sizga”, deb hazillashardim. Yumorni yaxshi his qilardi. Mehribon qiz edi. Mendan 4-5 yosh kattaligi uchun ham tanqidlarini to’g’ri qabul qilardim.
Lekin ajabtovur odatlari bor edi. Kechqurunlari namoz o’qisam, “tuni bilan issiq-sovuq qib chiqasizmi hammani”, derdi)) Duom uzooq bo’lardi. K hayroon turardi. Kitobimga vahimali ko’zlari bilan qarab-qarab qo’yardi, tasbehimdan ilondan qo’rqqandek qo’rqardi.
Bir kuni to’satdan menga gapirmay qo’ydi. O’qishdan qaytsam, xonasini o’zgartirib, oldimga o’zimdan kichik kursda o’qiydigan bir qizni chiqarib qo’yibdi.
Butun yotoqxona bezor bo’lgan qiz ekan u. Qanaqqib turasiiiz, deyishsa, anglamagan ekanman.
Bir kuni ovqatining tuzi yo’qligi, bemaza bo’lganini iymanib aytganimni bilaman, uzun tirnoqlari bilan timdalab, sochlarimdan yulib, urib ketsa bo’ladimi))) O’sha voqeani eslasam, haliyam hech narsaga tushunmayman, faqat kulgim keladi
😂Mayli, gap K haqida edi hozir. U men bilan orani butunlay ochiq qilgandi. Sababini tushunolmadim, so’rasam, indamadi.
Ertasi kuni darsdan chiqqanimdam so’ng, Chilonzor RUVD dan qo’ng’iroq qilishdi. Uchrashib ketishim kerakligini aytishdi. Bordim, formali
kishi kutib oldi. Ortidan ergashdim. Militsiyaxonaga kirarkanman, ichimdan har nima o’tdi. Miyamda savollar g’ujg’on aylandi. Qorong’i yer to’laga tushib borarkanmiz, har zinaga oyoq qo’yganda, qo’rquvdan yurak o’pirilaverdi. Nihoyat, kichkina, to’rtburchak xonaga kirdik.
Ro’paramda kamera qaqqayib turibdi. Kinolardagidek avval to’g’ridan, keyin yon tomondan chiqqillatib rasmga oldi. Ichkarida yana bitta xona bor ekan, kirdim. Bir sirli inson tergovni boshladi.
Savollariga lo’nda, aniq javob berishimni aytdi. “Xo’p”, dedim. Tor xonadagi muhit shunchalik mavhum va g’alati ediki, qabrda shunaqa savol-javob qilinsa kerak, deb o’ylardim xayolimda.
– Qayerda o’qiysiz?
– Jahon tillarida, xalqaro jurnalistika fakultetida
–Nechinchi kurssiz?
–1-kursman.
– Namoz o’qiysizmi?
– ha
– Qanaqa diniy kitoblar o’qiysiz?
– G’azzoliyning kitoblarini o’qiyman asosan. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning kitoblarini, hadis kitoblarni. Qur’oni Karimni ham o’qib turaman.
–Tajvid bilan o’qishni qachon o’rgangansiz?
– Bolalikda, 7-8 yoshligimda qo’shnimiz Sohiba muallimdan o’rganishni boshlaganman. Bizda, Namangan shahrida deyarli hamma qizlar maktabni bitirguncha mushafni o’qishni o’rganadi. Bu tabiiy va oddiy hol.
Tergovchi “Mulk” surasining boshlanishini o’qib, davom ettirishimni so’radi. Davom ettirdim. Ma’nosini so’radi. Shayx Alouddin Mansurning tafsirlarida o’qiganim bo’yicha ma’nosini ham aytdim.
Tergovchi axiyri biroz sukut saqladi-da, chaqirib ovvora qilishgani uchun uzr so’radi.
Javoblarimdan shubhali shaxs emasligimga ishonchi komil bo’lganini aytdi.
Ustingizdan kursdoshingiz ariza yozgandi. Arizaga ko’ra, ISHID ga qo’shilib ketgan vahobiy talaba sifatida ayblangansiz, dedi))) Yuzimga kulgi yugurdi. Tergovchi o’zingiz uchun bilib qo’ying deb, arizani bor bo’yicha ko’rsatdi.
Uzundan-uzun xat ostida kursdoshim K ning ismi va imzosini ko’rgach, nega men bilan aloqasini uzganini tushundim.
Aynan o’sha kezlarda ISHID degan qo’rqinchli so’zni kunda kun ora eshitardik. Talabalar dinga berilib, Suriyaga ketib qolayotgani haqida telekanallarda ham tinmay bong urilardi.
Balki vatan va millat uchun qayg’u chekkandir, balki rostdanam men unga shubhali tuyilgandirman yoki shunchaki qitmirligi tutib, qaltisroq hazil qilgandir. Nima bo’lgan taqdirdayam, undan bu voqea uchun izoh so’ragim kelmagan, nega unday qildingiz, deb so’roqqa tutmaganman. U buni eslaydimi yo’qmi, bilmayman.
Biroq, bu talabalik davrimning eng unutilmas hangomasi sifatida xotiramda qolgan.
Biroz qo’rqinchli, lekin juda qiziq bu hikoya uchun kursdoshim K ga rahmat.
@mehrli_ishkal