#sarhisob Yil odami — H.O2024-yilda uchratgan, yil davomida koʻp narsa oʻrgangan, havas va hurmat bilan qaragan kishim haqida yozmoqchiman. Uning ismi H.O (ajablanmang, u kishi anonim, hech qayerda rasmini ham topa olmaysiz. Shu sababdan shaxsini ochiqlolmayman).
H.O ni yil boshida uchratgan edim. Avvaliga biroz muddat shunchaki salom-aligimiz bor edi. Yaqindan tanishib borganim sari bildimki, bu odam naq xazina ekan. Keling, yaxshisi “yil odami”ning menga manzur xislatlari haqida yozsam.
Avvalo, anonimligi. Men azal-azaldan shaxsini sir tuta oladigan insonlarni hurmat qilaman. H.O ham shunday. Hech qayerda rasmi yoʻq. Umuman suratga tushmaydi va biror yerda eʼlon qilmaydi. Meni qiziqtirgan dastlabki qirrasi shu.
Undan soʻng, juda faol odam. Ishini, hayotini, oilasini, qoʻshimcha ishlarini va hokazo hobbilarini joy-joyiga qoʻyib, vaqti-vaqti bilan qiladi. Energiyaga juda boy.
Qolaversa, u bilan uzoq sayr qilish va cheksiz suhbatlashish mumkin. Albatta, hammasini bir kunda emas, oz-ozdan. Adabiyot, sanʼat, siyosat, hayot, oila, madaniyat... Xullas, istalgan mavzuda. Shu sayr-suhbatlar davomida biror marta uning oilasidan noligani, masalan, xotinidan biror ogʻiz shikoyat qilganini eshitmadim. Oilasi, xotini va bolalari haqida mamnun gapiradigan kishilarga hurmatim baland.
Bular-ku mayli, moliyaviy jihatdan ham oʻrnak olsa arziydi. Tejamkorlikni, pul jamgʻarish, pulni toʻgʻri sarflashni oʻrganish mumkin. Har yili oilaviy sayohatlar qilib turadi. Oʻziga yetarli uy-joyi bor, farzandini yaxshi taʼminlaydi, ilm olishiga pul ayamaydi. Eng qizigʻi, bularni oʻrtacha oylik maoshi, halol topgani bilan qilyapti.
Men doim oramizdagi odamlardan qahramon izlashni, oddiy insonlardagi buyuk fazilatlarni koʻra olishni yoqtiraman. Har bir yaxshi odamdan nimadir oʻrganishga urinaman. H.O shulardan biri boʻldi. Yil davomida faqat yaxshi taassurot qoldi.
Endi esa koʻramiz, Usmonipning nazdida “Yil odami — 2025” nominatsiyasini kim olarkin...
@usmonosphere