#hafta_sheʼriVATAN HASRATI Yana javzo, chechaklar qorda qoldi,
Yana qirlarni tutdi lola dogʻi,
Bu ellarda koʻrinmas gʻam adogʻi,
Yana koʻzlar oʻzga diydorda qoldi,
Yana koʻzlar oʻzga diydorda qoldi.
Man bevatan qoldim vatan ichinda,
Na ifor bor, na rang chaman ichinda,
Yoshil baytlar soriq kafan ichinda,
Bogʻlar otash ichinda, norda qoldi,
Bogʻlar otash ichinda, norda qoldi.
Mulki Turon kabi pora yuraklar,
Oyoq ostinda qon yigʻlar chechaklar,
Keltirgan bormi naysondan daraklar?
Tanim kuzda, ruhim bahorda qoldi,
Tanim kuzda, ruhim bahorda qoldi.
Shafaqlar botdi Botu qonlarina,
Hech kim qiyo boqmas Choʻlponlarina,
Kim turar Qodiriyning yonlarinda,
Fitrat, Usmonlarim qay torda qoldi?
Fitrat, Usmonlarim qay torda qoldi?
Yor vaslidan soʻyla ey sanduvochim,
Erkdan bizga xabar keltir ey lochin,
Manga bundoq boqma ey dor ogʻochi,
Tufroqdan past bu boshim dorda qoldi,
Tufroqdan past bu boshim dorda qoldi.
Dorul fano, dorul xazan bu dunyo,
Bir yoni gul, bir yon tikan bu dunyo,
Bir bor emas, bir yoʻq ekan bu dunyo,
Kimlar yoʻq boʻldi, kimlar borda qoldi,
Kimlar yoʻq boʻldi, kimlar borda qoldi?
Yana javzo, chechaklar qorda qoldi
Yana qirlarni tutdi lola dogʻi,
Bu ellarda koʻrinmas gʻam adogʻi
Yana koʻzlar oʻzga diydorda qoldi,
Yana koʻzlar oʻzga diydorda qoldi.
Zarif Sultoniy@sanduvoch_uz