Odam o‘ldiraymi,
gul undiraymi
taassuf yoshidan,
g‘azab qonidan.
Yig‘lab dushmanlarim suyuntiraymi
yuragi idragan do‘stim yonida.
O‘zimni otaymi,
to‘ydirayinmi
ochofat ajalning yuho qornini.
Soqov bo‘layinmi,
ko‘r bo‘layinmi?
Talab qo‘yavering,
bilmay or nima.
Gado to‘rvasiga yamoq bo‘laymi,
biror muttahamga hamroh bo‘laymi,
boshidan adog‘i gunoh bo‘laymi,
undoq bo‘laymi yo bundoq bo‘laymi?
Kulgu bo‘layinmi,
ingroq bo‘laymi,
ko‘ngli tor bo‘laymi,
kengroq bo‘laymi,
jinniroq bo‘laymi,
jinchiroq bo‘laymi,
tunchiroq bo‘laymi,
sinchiroq bo‘laymi,
dovush ko‘tarmaymi,
tinchroq bo‘laymi?...
Yoki sekingina qo‘limni siltab,
yoppa imzo bosib bari-bariga,
o‘zga gap-so‘zlarni yem qilib birday
loqaydlik, beg‘amlik kuchuklariga ----
o‘zim istagandek yashasammikin?
Nurmuhammad Abduzoir
#photobynurizihttps://t.center/nur_izi