2025-yil 1-fevralga qadar tuman banklari filiallarida mahallabay ishlash bo‘limlari tashkil etilib, ularga “mahalla bankirlari” tayinlanadi. Prezident Shavkat Mirziyoyevga banklar ishtirokida mahallalarda aholi bandligini ta’minlash va daromadli qilish chora-tadbirlari bo‘yicha axborot berildi.Bu haqda 16-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida topshiriq berilgan edi. Shundan kelib chiqib, 2025-yilda jami 5 million 200 ming nafar, jumladan, banklar tomonidan 3 milliondan ziyod aholini band qilish rejalashtirildi.
Shu maqsadda 208 ta tuman va shaharlar hokimlari hamda banklar rahbarlari tomonidan aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirish bo‘yicha hamkorlik shartnomalari imzolandi, bunda tomonlarning aniq huquq va majburiyatlari ko‘rsatib o‘tildi.
Har bir mahalla bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar belgilandi. Aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan “mahalla loyihasi” dasturi doirasida ajratiladigan 1 milliard dollar kredit resurslari banklar va hududlar kesimida taqsimlandi. Loyiha ishlab chiqish, kredit ajratish, aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha tuman banki rahbariga oyma-oy samaradorlik ko‘rsatkichi qo‘yildi.
Endi Markaziy bank raisi va uning o‘rinbosarlari hududlarga chiqib, joylardagi bank filiallarining mahallalardagi ishini yangicha yondashuv asosida tashkil qiladi. 2025-yil 1-fevralga qadar tuman banklari filiallarida mahallabay ishlash bo‘limlari tashkil etilib, ularga “mahalla bankirlari” tayinlanadi. Shuningdek, har bir mahallada ular bilan birga ishlaydigan “yordamchi-agentlar” tanlab olinadi.
Sayt |
Telegram |
Facebook |
Instagram |
X