1. Xudoni qanday so‘z va sifatda ko‘rishimiz o‘zimizning kim va qandayligimizni ko‘rsatadi. Uni eslaganda ko‘nglimizga qo‘rquv kelsa, demak ko‘nglimizda katta qo‘rquv bor. Xudo deganimizda mehr, muhabbat, shafqatni his etganda esa o‘zimizda xuddi shu tuyg‘u va sifatlar mavjudligini bilishimiz mumkin.
2. Haq yo‘lida yurmoq yurak ishidir, aql ishi emas.
3. Qur’on to‘rtta bosqichda o‘qiladi. Birinchisi-zohiriy ma’no. Ikkinchisi- botiniy ma’no. Uchinchisi-botinning ham botini. To‘rtinchisi-chuqurligi kalimalarga sig‘mas darajadagi o‘qish.
4.Borliqdagi har zarrada Alloh bor. U masjidda yoki monastirda emas, har qachon har yerdadir. Kim uni borliqdan topa olsa har zamon u bilan birgadir. Muhabbat Mangu turk tilidan tarjima qildi.
Салжуқ подшосидан ўтин сўрар Румий, Даргоҳнинг минг бир ишин кўрар Румий, Коняда Шамсини излаб юрар Румий, Йўқ, дер Шамсдай ёроним Ватан, Қолди, қуёшсиз осмоним Ватан.
Мерам боғларида Балхни қўмсайди у, Офтоб ошиқ бўлган Шарқни қўмсайди у, Балхда бола бўлиб чопиб юрсайди у, Болалик -обакидандоним Ватан, Ғурбат боласининг ҳар они Ватан.
Пирининг этагин ўпар Темур бобо, Мир Саидни бошда тутар Темур бобо, Оёғи учида ётар Темур бобо, Иймонли, ихлосли султоним Ватан, Пирларим- қирқ бир чилтоним Ватан.
Дорони етаклаб чўлга кетар Широқ, Тўрт ён етти кунлик йўлга кетар Широқ, Топмади чора ёлғондан яхшироқ, Керак ерда росту ёлғоним Ватан, Балолардан боши омоним Ватан.
На турмоқдаман, На юрмоқдаман, Худди узангидаги оёқ каби... На сукут сақламоқдаман, На сўзламоқдаман, Худди китобдаги ёзув каби... На борман, На йўқман, Худди гулобдаги хуш ифор каби...
(Sadriddin Ayniy uy-muzeyidan chiqib yozilgan she’r)
Bu uyda quyoshning ko‘zgusi qolgan, Xayollar pishadi pech-pech buralib. Hazrati Ayniyning qalami uchun, Ko‘shklar maqtov aytar ko‘kka tiralib. Chorpaxil so‘rida yillar dam olar, Ajib tillashadi daraxtlar bilan. Oqshomlari bunda so‘zni yopinib Ayniy kezinadi shahdlar bilan. Hamid Olimjonning ko‘kayi shunda, Usmon Nosir kirib o‘tadi birrov. Hazrat mehmonlarni boshiga qo‘yib Nisholda pishirar Mirtemir ikkov. Pastak eshiklardan engashib kirar, Zamon suronlari, zamon torlari. O‘zbek, tojik ruhi qorishiq yashar, lug‘atdan bo‘ylaydi so‘z ohorlari. Uh tortadi “ Qullar ”epopeyasi, “Odina”- insonlar loyqa hayoti. Samarqandni boshda ko‘tarib turar O‘zbek va tojikning adabiyoti. Suhbatlar selida pishadi quyosh, Navoiy Jomiyning etagin o‘par. “Doxunda”ni yozib o‘tirsa Ayniy Sharof Rashid kelib zar chopon yopar. G‘afur G‘ulom tarzi qolmish havoda, Askiya jo‘rlaydi, oqar hangoma. Sa’diy, Ahmad Donish, Ro‘dakiy haqda Gurung boshlanadi, latif, rindona... Ba’zan yig‘lab yo‘lga tushar mo‘ysafid Xartang qishlog‘iga hasratga to‘lib. Uni hurmat bilan kutib oladi, Imom Buxoriy ham o‘rnidan turib... Darralar urildi, quvildi ular, Buxorodan ketdi ilm- urfonlar. Bir-biriga dardin aytib yig‘laydi Samarqanddan panoh topgan bu jonlar. ... Yengillab uyiga qaytadi adib, Patefon qo‘yadi yo‘l nafasida. O‘zbek va tojikning qalbi tutashgan Bir uy bor Registon ro‘parasida...