#UstozForobiy tafakkur va aqliy xulosalarining juda ko‘p joyida Aristotelning fikrlariga qarshi chiqadi. Biroq, shunga qaramasdan, Forobiy o‘z asarlarida Aristotelni "uztozimiz" deb ulug‘laydi.
Darhaqiqat, Aristotel fikrlarining juda ko‘p qismi bugungi kunda o‘z qiymatini yo‘qotgan. Ayrim jihatlari esa hatto xato bo‘lib chiqqan. Shunga qaramay, Aristotel dunyo ilm-fanida "Birinchi ustoz" unvoniga sazovor bo‘lgan. Nima uchun?
Chunki Aristotel o‘zidan keyingilarga aqlni ishlatish san’atini va mantiq qoidalarini o‘rgatib ketgan. Olimlar uning xulosalarini emas, aql yuritish va fikrlar san’atini o‘rganganlar. Shu jihatdan u olimlarga birinchi ustoz hisoblanadi.
Forobiy ham o‘z davrida Aristotelning mantiq san’atini, avval islom olamiga, so‘ng zulmat ichidagi Gʻarb olamiga tanishtirgani va tushuntirib bergani uchun ham Aristoteldan keyingi ikkinchi ustoz unvoniga sabab bo‘ladi.
Fiqh olamida ham, Abu Yusuf va Shayboniy ba’zi masalalarda o‘z ustozi Abu Hanifadan (rahimallohu anhum) o‘zgacha xulosalarni chiqargan bo‘lsalar-da, aynan Abu Hanifa asos solgan fiqh san’ati ularga mash’ala vazifasini o‘tagan. Shuning uchun ham ular Imomi Ag‘zam Abu Hanifa mazhablaridan boshqa mazhabni da’vo qilmaganlar.
Xulosa o‘rnida shuni aytmoqchimanki, ustozlar 2+2 ning orqasiga =4 deb yozib bergani uchun emas, balki hisoblash, aql ishlatish yoki hunarni o‘rgatganlari uchun ham ustoz bo‘ladilar. Vaqt o‘tib siz bu hunar orqali ustozingizdan o‘zib ketishingiz yoki undan o‘zgacha xulosalarga kelsangizda, sizga aynan ilmni va aql yuritishni o‘rgatgani uchun ham ustoz maqomida qolaveradilar.
Shuning uchun ham ustozlarni ustoz deb ehtirom qilish kerak.
-
Said Komil📚 @e_kutubxona