Oyshami yoki Oisha?
Bu ism turli shakllarda yozilyapti:
Oysha, Oisha, Aisha. Xoʻsh, qay biri toʻgʻri?
Ism imlosi boʻyicha aniq qoida yoʻq. Ammo odatlanilgan imlo bor. Odatlanilgan imlo nima? Bunda soʻzni maʼlum bir shaklda yozish urfga kirgan boʻladi. Yuqorida sanalgan variantlar ichida eng koʻp ommalashgani, odatlanilgani – Oysha. Izohli lugʻatdagi misollarda ham aynan shu variant ishlatilgan. Oisha yoki Aisha uchramaydi.
Oysha arab tilida
tirik, barhayot, saodatda yashovchi, baxtli yashovchi kabi maʼnolarni
anglatadi.
Oysha ismi Oysha onamiz roziyallohu anho
nomi sababli xalqimiz orasida keng tarqalgan. Yirik diniy-maʼrifiy nashr – “Hidoyat” jurnali ham bu ismni aynan Oysha shaklida yozadi.
Menimcha,
Oysha varianti oʻzbekchada
oy soʻzi qatnashgan ayollar ismlari va talaffuz taʼsirida ommalashgan.
Xoʻsh, Oisha varianti xatomi? Xato emas. Lekin kamroq tarqalgan. Aisha varianti
esa xato. Uni aynan shu shaklda ism qoʻyilgan boʻlsa yoki u boshqa millat vakilasining nomi boʻlsagina, ishlatish mumkin.
Arab tilidan oʻzlashgan soʻzlarning imlosida turfaxillik koʻp uchraydi. Masalan,
Oysha ismidagi kabi
oi tovushlari qatnashgan
oila, doim, doir, oid soʻzlarini olaylik. Bunday soʻzlarda
oi varianti tanlangan.
Moyil, qoyil, qoyim, loyiq kabi soʻzlarda esa bir
y orttirilgan.
Vaholanki, sanalgan soʻzlar tarkibidagi
oi tovushlari arab imlosida bir xil – alif va hamza bilan ifodalanadi. Demak, bu borada lugʻatlarga, qatʼiylashgan odatga amal qilinadi. Eng toʻgʻri yoʻl – shu.
#Soʻragan_edingiz
@oriftolib