VERESHCHAGINSatang xonimlarning davrasi aro
U olis Turkiston ertagin so‘zlar.
Tegrada shukuhli, beg‘am bir sado,
Bashang quvonchlarga o‘rgangan ko‘zlar.
U so‘ylar Toshkandu Jizzax, Samarqand
Poyida qanday jon berganin sartlar.
Quvonchdan shivirlar: (Xonimlar tinglang!)
“Eh, bizning sollotlar, chinakam mardlar!”
Ko‘p yillar o‘tadi, anglar bir kuni
Boshqacha so‘zlashi kerak edi u
Va o‘sha beshafqat lahzadan uni
Tark etmas hech qachon yarador qayg‘u.
Axir, yodida-ku: Toshkand yonida
Sarmast kazaklarni jarga boshlashar...
Go‘dakka o‘q uza olmagan bitta
Yoshgina soldatni chopib tashlashar.
Beshafqat haqiqat qaytadi qalbga,
U shunda anglaydi, anglatar ranglar;
Miltiq o‘qtalganlar – boshqa Rossiya,
Boshqa Rossiyadir o‘q uzmaganlar.
Ko‘zlarin oldida qotar abadiy:
(bu balki vijdonning o‘lmas mujdasi)
Miltiqning tig‘iga sanchilgan mitti –
Qonlarga bo‘yalgan go‘dak murdasi.
Balki shuning uchun tunlar Isoga
Yolvorib, sig‘inib, yosh to‘lib ko‘zga,
Urush maydonlarin egallab olgan
Quzg‘unlar to‘dasin chizar u bo‘zga.
Qonli kunlar haqqi endi u bedor,
Ko‘zini yumishga qo‘rqadi, hayhot,
Tig‘larga sanchilgan go‘daklar takror
Qichqirar ko‘zini yumgani zahot.
O‘sha kunlar haqqi, qo‘rquv, g‘am ichra
Zulmat bandalari qilgan shum, basir,
Qonli gunohlarni jon chiqargacha
Yuvolmay dunyodan o‘tdi musavvir.
Xurshid Davron@javlonjovliyev