Istagan tashkilot Konstitutsiya va qonunlarni inkor qiladigan hujjat chiqara olaversa, "huququy davlat" deganimiz qayerda qoldi? Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanovning
xabar berishicha, mediamahsulotlar endilikda “ma’naviyat ekspertizasi”dan o‘tkaziladi. Ma’naviyat va ma’rifat markazi, AOKA, Madaniyat vazirligi, Kinematografiya agentligi, MTRK, O‘zbekiston Milliy media birlashmasining qarori bilan tele va radiokanallar hamda ijtimoiy tarmoqlar uchun tayyorlanayotgan mediamahsulotlar, xususan, serial, multfilm, kino va qo‘shiqlarni “ma’naviy ekspertiza”dan o‘tkazish tartibi joriy etildi.
Bu
"eski O'zbekiston"ga qaytishmi yoki
1984gami, yoki undan ham ortgami, bilmadim-ku, menda, masalan, bu tashkilotlar qabul qilgan hujjatning amaldagi
Konstitutsiya va qonunlarga muvofiqligiga juda katta shubham bor: O'zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyasiga ko'ra:
Ommaviy axborot vositalari
erkindir va qonunga muvofiq ish olib boradilar. Davlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni
tarqatishga bo‘lgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi. Ommaviy axborot vositalari o‘zi taqdim etadigan axborotning ishonchliligi uchun javobgardir.
(81-modda) Senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi. Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki
aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
(82-modda)“Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi
Qonunga ko'ra:
O‘zbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalari
erkindir va qonunga muvofiq ish olib boradilar. Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki
aralashish taqiqlanadi.
(5-modda) O‘zbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarini
senzura qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. E’lon qilinayotgan xabarlar va materiallar oldindan
kelishib olinishini, shuningdek ularning matni o‘zgartirilishini yoki butunlay nashrdan
olib qolinishini (efirga berilmasligini) talab qilishga hech kimning haqi yo‘q.
(7-modda) "Ma'naviyat", "axloq", "qadriyatlar" o'ta
subyektiv, istagancha talqin qilish mumkin bo'lgan tushunchalardir va bu borada har kimning "qarichi" har xil bo'ladi. Masalan, kimdir Mikelanjeloning
"Dovud"ini san'at durdonasi hisoblasa, kim uchundir bu "yoshlarning axloqini, tarbiyasini buzadigan narsa" bo'lib ko'rinishi mumkin. Bunday subyektiv, "rezinka" (istagan tarafga tortish mumkin bo'lgan) tushunchalar asosida ish ko'radigan "ma'navyat ekspertizasi" kim(lar)gadir yoqmagan har qanday axborot, kino- yoki televizion asarni yoki san'at asarini senzura qilish, taqiqlash uchun qurol sifatida ishlatilishi mumkin. Bugun faqat media mahsulotlar uchun joriy qilinayotgan "ma'navyat ekspertizasi", agar ishlab ketsa va bunday "ekspertiza"ning
de-fakto senzura ekanligi va
yuridik jihatdan noqonuniyligi haqida bong urilmasa, ertaga har qanday axborotga, har qanday media yoki bosma mahsulotga, har qanday san'at asariga nisbatan qo'llaniladi. Shunda Oruellning "1984"i ham, yaqin o'tmishimizdagi "Men Pasternakni o'qimaganman, lekin qoralayman" yoki "Bugun jazz o'ynaysan, ertaga vatanni sotasan"lar ham "holva" bo'lib qoladi.
Tepadagi savolni yana bir qaytaraman:
Istagan tashkilot "ma'naviyatni, axloqni, qadriyatlarni (va hokaz va hokazoni) himoya qilish" bahonasida Konstitutsiya va qonunlarga zid tartiblar o'rnata qila olsa, xususan, "fikr politsiyasi" joriy qila olsa, "demoktarik", "huquqiy" davlat deganlarimiz qayerda qoladi? Senzuraga yo'q deng!