Senatda “Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi. Qonun oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, davlat zaxirasi, bozor mexanizmlari, iste’molchi huquqlari va davlat organlari vakolatlarini belgilaydi.
Prezident “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish bo‘yicha yangi tizim joriy etilishini ma’lum qildi. Ular uchun tuman markazlari yoki shaharlardan 1−2 km masofada yer uchastkalari ajratiladi. Massivlarga yer tanlash, loyihalash, qurish va ekspluatatsiya qilish uchun mas’ul bo‘lgan “O‘z uyim” kompaniyasi tashkil etiladi.
Strategik islohotlar agentligi tungi iqtisodiyotni rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqdi. Unda 24/7 ishlaydigan zonalar, tungi bozorlar, madaniy tadbirlar va infratuzilmani rivojlantirish, “Tungi shahar” platformasi hamda koordinator lavozimi orqali xizmatlarni muvofiqlashtirish nazarda tutilgan.
Shavkat Mirziyoyev yangi uy-joy oladigan fuqarolarga o‘zi to‘lagan mablag‘ining bir qismini keshbek qilib qaytarish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga topshiriq berdi. Bu orqali sohada yashirin iqtisodiyotni qisqartirish maqsad qilingan. 2025-yilda kamida 70 ming xonadon uchun ipoteka krediti berish rejalashtirilmoqda.
O‘zbekiston Markaziy banki oltin-valyuta zaxiralarini diversifikatsiya qilish doirasida AQSh g‘aznachilik obligatsiyalarini xarid qilishni davom ettirmoqchi, dedi Markaziy bank raisi o‘rinbosari.
Do‘stlik tumanida fuqaro 13 tup tut daraxtini noqonuniy kesgani aniqlandi. Buning oqibatida o‘simlik dunyosiga 738 mln 750 ming so‘m zarar yetdi. Hujjatlar prokuraturaga yuborildi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda bundan buyon qurilishga salohiyatli developerlarni jalb qilish maqsadida ko‘p qavatli uy qurish uchun yerlar auksionda faqat QQS to‘lovchi yuridik shaxslarga sotilishini ma’lum qildi. Jismoniy shaxslar bu maqsadda so‘nggi 3 yilda sotib olgan yerlarning aksariyatida qurilish boshlanmagan.
Buxoro viloyati perinatal markazida 33 yoshli ayol farzand dunyoga keltirayotgan vaqtda vafot etdi. U kasalxonaga tana haroratining 38 darajagacha ko‘tarilishi, qog‘onoq suvlari ketishi va umumiy holsizlik holatida olib kelingan. Ikki nafar mas’ul shifokor boshqa bo‘limga rotatsiya qilingan.
Shavkat Mirziyoyev xorijga ishlashga ketganlar O‘zbekistonda rasmiy daromadi yo‘qligi tufayli ipoteka krediti va subsidiya ololmayotganini ta’kidlab, mamlakatga olti oy ichida muntazam pul jo‘natayotgan fuqarolar daromadini hisobga oladigan tizim yaratishga topshiriq berdi.
Kinoarboblar ijodiy uyushmasi raisi Matyoqub Matchonov tanishini haqorat qilgani uchun javobgarlikka tortildi. Jabrlanuvchi taniqli aktyor bilan suhbatini diktofonga yozib olgan va uni IIBga bergan. Sud tomonidan Matyoqub Matchonovga 1 mln 125 ming so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlangan Temur Kapadze jamoa o‘quv mashg‘uloti yig‘inida ishtirok etish uchun Dohaga bordi. “Biz xuddi askardek, vazifa berildi va uni bajarishimiz kerak”, — dedi u. Murabbiy JCHga chiqish uchun futbolchilarning qobiliyati ham, kuchi ham yetishini ta’kidladi.
Aprel oyida elektr energiyasi va gaz tariflari oshishidan inflyatsiyaga dastlabki qo‘shimcha ta’sir 1,8−1,9 foiz punkt bo‘lishi kutilmoqda. “Bu joriy yil uchun 7−8 foiz atrofida bo‘lishi kutilayotgan inflyatsiya prognozida inobatga olingan”, — dedi Markaziy bank raisi.
O‘zbekistonda endi tegishli sohadagi davlat ekspertlik va oliy ta’lim muassasalari normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining ilmiy asoslanganligini o‘rganadi. Bunda xulosalar tavsiyaviy xususiyatga ega bo‘ladi, ular inobatga olinmaganda kelishmovchiliklar jadvali tayyorlanadi.
Toshkent viloyatining Qibray va Parkent tumanlarini bog‘laydigan elektrlashtirilgan temiryo‘l qurilishi boshlandi. Uning umumiy uzunligi 23,8 kilometrdan iborat bo‘ladi.
IIV Tezkor-qidiruv departamenti Toshkentda tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi ozarbayjonlik aka-ukalardan pul talab qilib kelgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘ydi.
Yozda Uchtepa tumanida 6 yoshli bola usti ochiq qoldirilgan issiq suv qudug‘iga tushib ketib halok bo‘lgandi. Quvurda ta’mirlash ishlarini olib borgan 32 yoshli ta’mirlash montajchisi uni ochiq qoldirib, atrofiga to‘siq o‘rnatmagani aniqlandi. Sud unga 2 yil 6 oy muddatga ahloq tuzatish ishlari jazosi tayinladi.
Qarshi shahridagi 23-maktab direktori o‘qituvchilarga o‘quvchilar formasi uchun pul yig‘ishga ko‘rsatma berdi. “Nimchasi bo‘lmasa, darvozadan chiqarib yuboraman, menga formasiz o‘quvchi kerak emas”, — dedi u. Maktab ta’limi boshqarmasi direktor jarimaga tortilgani va bunday holatni keskin qoralashini bildirdi.
MB asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida qoldirdi. «Energiya narxlari erkinlashtirilishi ta’siri kamayishi kutilayotganiga qaramasdan, inflyatsion kutilmalar yuqori darajada saqlanib qolayotgani pul-kredit sharoitlarini nisbatan qat’iy darajada saqlab qolishni taqozo etmoqda», — deya qayd etgan regulyator.
Bo‘stonliq tumanida “Chinorkent” temiryo‘l bekati 22-yanvar kuni foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan Toshkentdan Xo‘jakentgacha bo‘lgan elektropoyezd qatnovi 1,5 km masofaga — Chorvoq shaharchasida yaqinida joylashgan “Chinorkent” bekatigacha uzaytirildi.