#nazm★ ★ ★
Osmonni ikkiga bo‘lib yubordim,
Izlarimni tilib-tilib yubordim.
Sen faqat kelishga ulgurgin, do‘stim,
Mening ko‘zlarimdan ranglar ketmoqda.
Qo‘llarim qanotdir, qo‘llarim chinor,
Tangriga yetguchi og‘riqlarim bor.
Yuragim-tarsillab yorilar anor,
O‘n sakkiz olamga zanglar ketmoqda.
Bozorda otamni yo‘qotib qo‘ydim,
Bozorda onamni yo‘qotib qo‘ydim.
Boshqacha qara deb ko‘zimni o‘ydim,
Ruh va tan oralab janglar ketmoqda.
Ko‘nglimni bosaman chaqir yo‘limga,
Toshlarni to‘ldirma g‘alvir ko‘nglimga.
Nimadir botmoqda yelkalarimga,
Somon yo‘llariga changlar ketmoqda.
Umrimning egnida dardim beqasam,
Gunohing kimga, ey buzilgan qasam?
Boshimni kaftimga qo‘yib yig‘lasam,
Tomchida ahvoli tanglar ketmoqda.
Sen faqat kelishga ulgurgin, do‘stim!
Nargiza Odinayeva
Yoshlikjurnali.uz
@yoshlikjurnali