"
Menga muhlat bering. Bu faqat vaqtincha. Menga ikki yil muhlat bering. Shu ikki yil ichida albatta muvaffaqiyatga erishaman, oʻshanda asarlarim talash boʻlib ketadi”.Toshkentga kelib ko’rgan birinchi spektaklim “Jaydari Martin” bo’lgan. O’shanda omadim kelgan ekan. Keyinchalik davlat teatrlariga bir necha marotaba tushdim, boshqa xususiy teatrlarga ham bordim, lekin “Shamsi Qamar” teatr-studiyasi Jaydari Martini bilan esimda qolgandi. Birinchi marta borganimda hali “Martin Iden” asarini o’qimagan edim, pandemiyadan endi qaytgan davrlar. Spektakl Martinga bog’liq bo’lgani bilan, qahramonlar ham, voqealar ham shu davrda, shu yerda bo’ladi.
Voqealar rivoji haqida aytmoqchi emasman. Bugun borganimda payqagan narsam spektakl davomida Martinning o’zgarishiga sababchi bo’lgan Ruf ismining biron marotaba tilga olinmagani. Butun boshli teatr Martin va uning orzulari haqida. Qayta-qayta yangragan “Menga muhlat bering” gaplari aynan Rufga qarab aytilgandi asarda. “Martin Iden” shunchaki juvonmarg bo’lib ketgan sevgi va yigit taqdiri emas, orzu va unga erishish yo’lidagi ayovsiz jarayon haqida. Asarni o’qish jarayonida Martinni yaxshi ko’rgandim, chin dildan. Rufdan farqli o’laroq, uning gavdasi-yu, ko’rkamligi va mushaklariga emas, ko’ngliga, soddaligiga va muhabbati uchun kurashishiga oshiq bo’lgandim. O’zi odatda, siz asar qahramonining tashqi sifatlariga qarab ko’rinishini xayolingizda to’la chiza olmasangiz ham, aynan xarakterini xayolingizda gavdalantira olasiz. Martin ham shunday edi men uchun.
Spektakldagi Jaydari Martin esa yelkasiga orzusini ortmoqlab, Toshkentga kelgan-u, manzilga yetganda o’sha yelkaga tirikchilik va kun ko’rish, pul topish degan g’ishtlar qo’shilib, olib kelgan orzusi tushib qolganlar haqida. Va jamiyatimiz yosh, jaydari martinlarga to’lib yotibdi. Ular so’ragan muhlatni esa hamma ham bera olmaydi, ishonmaydi, imkon haqida gapirmasa ham bo’ladi.
Iste’dodini va orzusini maishiy hayot orasida boy bergan Martinlarga esa hurkak, ko’zi yerga qaragan, hayoti qishloq adirlaridan nariga o’tmagan qo’shni qizlar nasib qiladi. Xuddi spektakldagidek. Vaqt hech qachon shafqat qilmaydi.
Spektaklga singdirilgan adabiyot umuman boshqa mavzu. Xo’jayor, Jontemir, Tillaniso she’rlaridan eshitasiz. Marsel Prust, Jeyms Joys, Markezlar-u bir qator kino rejjisyorlar ismi tilga olinadi. Va shu oddiy g’isht teruvchi Jaydari Martinlar diplomli, oliy ma’lumoti bor filologlardan ko’p narsani bilgan bo’lib chiqadi. Xuddi asarda Martin Rufdan o’zib ketgandek.
Iqbol Mirzoda bir misra bor edi: “U qizni sevish mumkin, Lek uylanib bo’lmaydi”.
Martin ham faqat asarlarda seviladi, spektakllarda seviladi, xayollarda seviladi, reallikda esa ko’zingizga vaqt so’ragan noshud bo’lib ko’rinadi. Afsus…
Jaydari Martinlar ko’zingizga noshud bo’lib ko’rinmadimi, demak, maishiylik sizni yutib yubormabdi. Halicha…
Matn: Nigora Asqaraliyeva