#hafta_sheʼri
MENING XATOLARIM
Bir suydirgi ichimda,
bir kuydirgi ichimda,
chiqib ketar sirgʻalib
oʻttiz ikki tishimdan.
Sahroyi dil savdoyi,
sheʼrdan nechuk qaytaman...
xato shudir: hammaga
hammasini aytaman.
Mening xatolarim-ay,
oʻ, mening xatolarim,
figʻon urdi Afgʻonzay —
u mening xatolarim.
Kecholmadim bu jonon
nozik adolarimdan,
kechmishlar kechdilar qon
mening xatolarimdan.
Etlarni sixlaganman,
Isoni mixlaganman,
vijdonga pichoq tortib,
ustida yigʻlaganman.
Xatodan chiqmaganman,
dunyoga sigʻmaganman,
Rasulullohni tinglab
esimni yigʻmaganman.
Mardi yoʻq maydon bilan
oʻlimlar sotganim chin,
zarsuluv shayton bilan
chirmashib yotganim chin...
Nechun sizni qoʻymayman,
oʻ, mening xatolarim!
Men oʻzimni oʻylayman —
shu mening xatolarim...
Farzandim — unut olam —
dilginangning darziman;
bolam, dorga os, bolam,
bolam, shunga arziyman.
Hirqirating — bezarar,
ey, Haqdan atolarim;
sirtmoqda siltaniblar
toʻkilsa xatolarim!
Qargʻang! Soʻking! Turmang jim!
Oʻylay jon chiqar oni
qoldirdim deb shu chirkin
toʻzib yotgan dunyoni.
Xatolarim oʻrnini
nahot bosmaysan, nolam;
oʻzim keldim doringga,
nechun osmaysan, bolam?..
Uv, mening xatolarim!
Huv, mening xatolarim!
Bolam, keldimi navbat,
yuv mening xatolarim.
Meros edi xatolar,
voris boʻlar boʻtam ham;
xato sabab jannatdan
quvilgandi Otam ham.
Tan olmasam — bu gunoh:
yasholmayman begunoh...
meni buncha sevasiz,
o, ishtiboh, ishtiboh!
Sizga rahmat qarz boʻlsin,
o, mening xatolarim!
Buyur, Xudo, dars boʻlsin
to mening xatolarim.
Dono, doro boʻlib gar
toʻradimmi Atodan?!
Qilingan xato!
Qaytar
qilinmagan xatodan!
Mansur Jumayev
@sanduvoch_uz