Inson yashayotgan dunyosini tanishi kerak. Ustiga-ustak, undagi insonlarni ham. Ularning ayrimlari anchayin qiziquvchan bo‘lishadi.
Agatha Christie – "Aci kahve"
Ushbu kitobni o'qib chiqishim uchun muqovadan o'rin olgan muallif nomining o'zi yetarli edi. O'ylashimcha, Agata Kristining qay darajadagi ishqibozi ekanligim oydinlashdi. Asarni u haqida hech qanday ma'lumotlarga ega bo'lmagan holda, muallifdan biroz iliqlik (detektiv janriga xos bo'lmasa-da) va qadrdonim Puaro bilan o'sha muhitni his qilish ishtiyoqidagina o'qishni boshladim.
Daho fizik bo'lmish Ser Claud Amory evaziga million dollar va'da qilingan yangi atom bombasi formulasining yo'qolishini, to'g'rirog'i unga oila a'zolarining biri tomonidan xiyonat ko'rsatilishini tahmin qilib, Erkyul Puaroni do'sti Hastings bilan shoshilinch tarzda chaqirtiradi. Kutubxonada bir yondan qahvasini simiraturib, bir yondan formula yozilgan varog'i yo'qolganini sezgan Ser Claud Amory xizmatchisiga uyning butun eshiklarini qulflashini va chiroqni o'chirishini aytib, formulani o'g'irlagan kishi uni joyiga qaytarib qo'ymagunigacha kechki ovqat uchun yig'ilgan boshqa oila a'zolarini bir muddat shu yerda ushlab qolishini aytadi. Ammo afsuski chiroqlar yonganida Ser Claud jonsiz holda o'tirar, Puaro esa kech qolgandi...
Kristining ushbu asari o'zining oson va bir-tekisda o'qiladigan tili bilan (odatda uning yoziqlarini qayta-qayta o'qir va baribir ko'p narsaga tushunmas edim) ayniqsa ajralib turadi. Voqealarning asosiy rivoji kutubxonada bo'lib o'tishi ham asarga boshqacha ruh bag'ishlab, har bir sahifadan zax isi, qo'rquv titroqlari, hiyla va ishva bilan boqqan ko'zlarni topishingiz (aslida ular sizni topishadi) mumkin.
Muallifdan kutilgan va kutilmagan sevgi qissasi, achchiq qahvaning ifori-yu, jon oluvchi mazasi, inson miyasining nelarga qodirligi, inson o'limi barcha haqiqatlarni ochib yuborishi, oilaviy muammolar, hissiyotlar qadrsizlanishi, sevgining ko'p hollarda halaqit berishi va barchasini chalkashtirib yuborishi, kutilmagan va tasavvur ham qila olmaganim yakun - bularning barchasi o'zgacha zavqli edi.
Agar sharoitingiz bo'lsa, asarni aynan turk tilida (boshlang'ich darajada bo'lsangiz ham) va shu nashrida o'qishni tavsiya qilaman. Aynan mening nazdimda, har qanday mujmal asar ham turk tilida o'qilganda boshqacha hissiyotlar qa'riga olib kiradi...
Agata Kristi qo'lingizga oq qog'oz tutqazib, rangli qalamlarni tortiq etadi. Ammo siz chizgan manzara uniki bilan mos kelarmikin?
#taqriz@malinadann