View in Telegram
​​Koreya adabiyotining Nobel va boshqa nufuzli mukofotlarni qoʻlga kiritishining asosiy sabablaridan biri – ijod erkinligining taʼminlanganligi va senzura cheklovlariga yoʻl qoʻyilmagani. Erkinlik boʻlmaganida, bugungi shedevr asarlar yoki ilm-fan yutuqlarining koʻpi yuzaga kelmagan boʻlardi. 2007-yilda yozilgan Han Kangning “Vegetarian” romanini menga hadya qilgani uchun Javlonbek akaga minnatdorchilik bildiraman. Ushbu roman jamiyat normalariga qarshi chiqish va insonning oʻz tanlovini himoya qilish uchun qanday sinovlardan oʻtishini chuqur yoritadi. Uch bobdan iborat bu asarda bosh qahramon Yeong-hyening hayoti uchta turli shaxsning nuqtai nazaridan tasvirlanadi. Qahramon haqida hikoyaning oʻzi emas, boshqalar orqali maʼlumot berilishi jamiyatdan oʻzini “chetga olgan” insonlarning fikrlarini eshitmasligiga ramziy ishora qiladi. Roman Yeong-hyening bolalikdagi travmalari va ruhiyatidagi jarohatlar tufayli qoʻrqinchli tushlar koʻrishi bilan boshlanadi. Shu tushlarning taʼsirida u vegetarianlikni tanlaydi. Ammo bu qarori jamiyat va oilasi tomonidan qabul qilinmaydi va qattiq bosimlarga sabab boʻladi. Uning goʻshtdan voz kechishi ramziy maʼnoda tasvirlanib, ayollarning oʻz tanlov huquqi cheklangan jamiyatda qanday ahvolda ekanligini yoritadi. Goʻsht jamiyatning zoʻravonlik va qaramlikni oʻz ichiga olgan normativlarini anglatadi, bu esa Yeong-hyening isyoni va oʻzini himoya qilish harakatining timsoliga aylanadi. Yeong-hye bu jarayonda oʻz tanasidan begonalashib, oʻzini butunlay daraxtga aylangan deb hisoblaydi. Bu uning oilasi uchun fojiali yakun boʻlsa-da, Yeong-hye uchun ozodlik va erkinlik ramzi sifatida namoyon boʻladi. Roman yakunida uning opasi ham oʻz hayotidagi murakkabliklarni ochib beradi. Ammo opaning xatti-harakatlari orqali muallif hayot uchun kurashish va muqarrar qiyinchiliklarga taslim boʻlmaslik kerakligini koʻrsatadi. Asar ijodiy ramzlar va chuqur mazmun orqali jamiyatdagi muhim masalalarni koʻtarib chiqadi. Yeong-hyening hikoyasi ayollarning oʻzligini izlash yoʻlidagi kurashini yoritgan, koreys jamiyatining madaniyati va anʼanalariga oid qiziqarli badiiy asar sifatida oʻqishga arziydi. 👉@rashidtojiboev👈
Love Center - Dating, Friends & Matches, NY, LA, Dubai, Global
Love Center - Dating, Friends & Matches, NY, LA, Dubai, Global
Find friends or serious relationships easily