Hokimiyatmi yoki hokimlik?
Viloyat, shahar va tumanlarning boshqaruv organlari
hokimlik deb nomlanadi. Maʼno-mazmun jihatidan
shunday. Lekin buning huquqiy asosi bormi, qonunlarda nima deyilgan?
“Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi qonunga
koʻra,
hokimlik mahalliy ijroiya hokimiyati
organidir. Hokimlik mansub boʻlgan
tizim esa ijro
hokimiyatidir.
Vazirlar Mahkamasining “Viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari boshqaruv apparatlari toʻgʻrisidagi namunaviy nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori, “Viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining boshqaruv apparatlari toʻgʻrisida”gi namunaviy nizomda ham mahalliy ijroiya organi nomi
hokimlik deb berilgan.
Milliy qonunchilik bazasida asosan
hokimlik soʻzi ishlatilgan. Lekin
viloyat hokimiyati,
shahar hokimiyati kabi iboralar qoʻllangan oʻrinlar ham bor. Hatto hokimliklar huzuridagi baʼzi davlat tashkilotlari nomida ham
hokimiyat soʻzi ishlatilgan
ekan.
Rasmiy hujjatlarda atamalarni turlicha ishlatmaslik, soʻz qoʻllash va imloda xilmaxillikka yoʻl qoʻymaslik afzalligi haqida oldin ham
aytib oʻtgan edik. Bu fikr yuqoridagi misolga ham tegishli.
Yaxshi ishning kechi yoʻq. Organ, tashkilot maʼnosida ishlatilgan barcha oʻrinlarda
hokimiyat soʻzi
hokimlikka almashtirib qoʻyilsa, mazmunan toʻgʻri va qonunga mos boʻlardi.
@oriftolib