Ishonch — dunyodagi eng yaxshi va zarur hamda eng nokerak va rasvo narsa. Agar, Xudoga ishonmaganimda hozir bu yerda bunday yashamasdim, insonlarga ishonganimda esa tirik boʻlmasdim.
O Xudoyim! Miyam toʻxtovsiz quyilib kelayotgan fikrlar va va bir-biriga mantiqiy-u, mantiqsiz bogʻlangan gaplar dastidan judayam sokin va oʻz oʻrnini topganday maʼsum boʻlib qoldi. O Xudoyim! Sen bilasan, mening nimani oʻylayotganimni!
O Xudoyim! Men Senga talpinaman! Men Seni topishga urinmoqdaman! Chunki, bundan avval men Seni bilaman deb yurgandim. Yoʻq! Men aslida kechirib boʻlmas xatoga yoʻl qoʻyay deganman! Oʻsha kunggi suhbat mening har qanday eskicha fikrlarimni loyqa suvday oqizib yuborishini ham oʻylab koʻrmagan edim.
Men Seni oʻrganishni istayman. Chunki, Sendan olislashib ketdim. Men Senga qaytish uchun faqat bir yoʻl bor deb bilardim, aslida hamma yoʻl faqat Senga ekan. Chunki, Sening Oʻzing menga buni ravo koʻrgansan. Har bir fikr ortidan Sening borligingni his qilish, uni ishonchliroq qiladi men uchun.
Ha! O Xudoyim! Meni bilasan, meni tushunasan!
Albatta, men musulmon insonman va dinimda Sen yozgan joygacha sobit boʻlishni istayman! Ammo, men Seni topmoqchiman. Bu juda gʻalati tuyilar, ammo, Sen doimiy barhayot ekansan, men Seni faqat dindangina topish mumkin degan eʼtiqodga ishonmayman, ishonolmayman. Chunki, qayerga qaramay Sening borligʻing meni yoqimli taʼqibi ostiga olgan! Men qilishim kerak boʻlgan xatoni qilib boʻldim. Endi, bu xato olib keladigan muvaffaqiyatga ishonishim va uni qidirishim zarur! Har bir yomon narsa ortidagi yaxshilikni oʻzimning gunohim ortidan kelgan tafakkurdan sezib borayotirman.
Men Seni, oh Allohim, men Seni topishni istayman! Men Seni har bir yaratgan zarrangda "koʻrish"ni, doimo yonimda ekaningni his qilishni istayman!
Men Seni qaysidir dindagi faqat bir narsaninggina ustidagi mutlaq hukmron sifatida emas, balki, Yaratuvchi va Yagona Zot ekaningni va men Sendan oʻzga najotkor topa olmasligimni qayta anglamoqchiman!
Seni barcha dinlarning yagona ilohi deb bilaman! Chunki, bunga isbot yetarlicha. Insonlar qilgan xato esa hammasini murakkablashtirdi va ammo, chuqurroq tafakkur uchun yoʻl ochib berdi! Vaholanki, biz Seni yolgʻon maʼlumotlar asosida oʻrganib qolmasligimiz uchun imkon yaratildi! Men Seni doimo yagona iloh sifatida bilganman! Men Seni Mukammal va barhayot ekaningni oʻzimcha oʻrganganman. Ammo, men Seni qayerdan topish kerakligini oʻrganmaganman! Men Seni borligingni bilaman, ammo muammo shunda-ki, Seni Sen bor joydan topishga ojizman! (Bilaman, Sen makonsizsan, chunki, makon va uning tushunchasi ham Sening izmingda!) Bu ojizlik oʻz-oʻzimga qurib olgan chegaralarim va atrofdagi baʼzilarning chegaralari natijasidir! Men ojizlikka ishonmayman deb aytdim! Chunki, Sen bor ekansan, ojizlikka oʻrin yoʻq! Men endi mana shu ulkan chegaralarni kesib oʻtmoqchiman! Men boy hamda chuqur tafakkurga ega ong istayman va u albatta Oʻz Yaratuvchisini idrok qila bilishi va Unga yaqin boʻlishi lozim!
Rabbim, shu davrga qadar qilgan xatolarim va fikrlarimdan kelib chiqib, bilishim boʻyicha Sen faqat Islomda emassan! Islom — bu soflik va chin eʼtiqod bilan oʻrganilsa, Senga eltadigan eng yaxshi bir yoʻl.
Men Seni jannati va jahannami bor boʻlgan va jannat ilinji-yu, jahannam qoʻrquvi sababgina bilishim va yaxshi koʻrishim majbur boʻlgan Zot sifatida tanishni istamayman. Chunki, har kim olovdan qoʻrqadi, har kimga joni shirin! Senga ishonmaydiganlardan esa Senga ishonchni orttirish uchun foydalanishni istayman, zero, bilishimcha, yoʻq narsa, aslo inkor etilmaydi. Sening haqingdagi inkorlar esa Seni naqadar buyuk ekaningni isbotlaydi, holos!
Fikrlarim yana boʻlinib, oʻz oqimini yoʻqotmoqda, chunki, menga tinchlik zarurga oʻxshaydi.
O Xudoyim! Bu mening kibrim, bu mening takabburligimdir! Bu mening gunohim, bu mening xatoyimdir! Avvalroq boʻlishi zarur boʻlgan, ammo kechikkanday tuyilayotgan, ammo kechikmagan narsadir!
Men oʻzim va ong orasiga allaqanday toʻsiq qoʻydim. Bu toʻsiq natijasida Seni yoʻqotdim.
Har bir voqelikda hamda hayotdagi hamma narsada tartibga va muvozanatga kelib olish uchun avval butkul ilmsiz boʻlish va soʻngra radikallashish talab etiladi. Biz buni inkor qilganimiz bilan, qarshi chiqolmaymiz. Demak, bir narsa qoladi. Shunchaki, insonlarni tushunish kerak. Ammo, bu doimiy eng qiyin masala.
Ojizlik degan narsaga ishonmayman. Har kimda nimadir bor oʻzi kashf etolmagan, eta olmayotgan va hatto urinib ham koʻrmagan kashf etishga. Inson quruq qoʻl boʻlib yaratilmagan, harholda. Unga ilm oʻrgatilgan, yer uning izmiga boʻysundirilgan. Har bir kimsaga nimadir vaʼda qilingan qachondir va u bunga rozi boʻlgan. Bizning oʻzimiz kashf etmagan tomonlarimiz nihoyatda koʻp. Biz faqat bu haqida soʻzlashishni qoyillatamiz holos. Agar oʻzimizni oʻrgansak, menimcha, ojizlik degan tushunchaga darz ketib qolishidan qoʻrqamiz, mukammallik yoʻq degan gapga sigʻinamiz, shubhasiz! Yoʻq, mukammallik mavjud. Sening borligingning oʻzi mukammallik belgisi emasmi?! Qanday qilib mana shu ikki dona kichkina koʻzing ilgʻashga va maʼno topishga qodir?! Qanday qilib koʻrayotgan narsang ongingga qorishgan unda?! Mukammallik doimo mavjud, ojizlik esa boʻrttirib tashlangan asar. Mukammallik mavjud, ammo ojizlik esa yoʻq! Chunki, bizni yaratgan Zot mukammal! Ojizlik Unda yoʻq. Demak, ojizlik oʻylab topilgan!
Oʻzing oʻz tushunchang ila boshqa ruhda, oʻzing istagan oʻyda oʻqi, eng yaxshisi! Ularning qarorlari taʼsirida emas, koʻngling talpinggan sahifalar orasidagi iforga yuz tut! Jilvalanib, koʻz oldingda mavjlanayotgan soʻz daryosi ichiga oʻzing istagan tusda shoʻngʻishni oʻrgan. Choʻkma! Choʻktirishlariga yoʻl qoʻyma! Ammo, sayoz yuza ustida qolib ham ketma! Ichkarila! Bundan aslo qoʻrqma! Lekin, ehtiyotkor boʻl. Kitoblar ular aytganday yoqimli narsalar emas, har doim ham. Seni olam-olam rang-baranglikka, kamalakrang dunyoga olib kirishlari qanchalik rost boʻlsa, shunchalik yolgʻondir! Odamlar aldashga juda ustadir. Senga baxt keltiravermaydi, hammasi. Shul sabab, oʻzing istagan koʻyga solib va solinib oʻqi!
Sen sekin qaraysan oʻtkir va yashirin nigohlaring aro ularga. Nimani kuzatayotganing darhol sezilib qoladi. Sezib qolishadi. Biroq, sening haqqi-hurmating va oʻzlarining ayyorliklari bois buni senga sezdirishmaydi. Chunki, seni ular oʻyinga tortib ketishni hushlashadi. Xatto, oʻzing bilmay qolasan qachondir koʻzing ochilganda, qanday qilib bu davraga qoʻshilib qolganingni. Hammasi nazoratim ostida degan gapga yopishib olasan. Oʻzingni ishontirasan butkul. Bilmaysan-ki, sen bu ishonch orqali oʻzingni aldagan boʻlib chiqasan. Aslida esa ular seni oʻz maqomlariga monand boshqaradilar. Oʻzlari istaganday nazoratga olgan boʻladilar. Har qanday nazorat va boshqaruv ular qoʻlida boʻladi. Ana shunda oshkor boʻladi, aslida itoatkorlik va halimlik boʻlib koʻringani — chinakam boshqaruv va nazoratga aylanganligi. Bu itoatkorlik seni aldaydi. Oʻzini qul qilib koʻrsatgan choʻri niqobi ostidagi iblisona tabassumlar seni oʻrab olgan va endi sen butkul muvozanatni boy bergan boʻlasan. Ozodlik va erkinlik, umuman olganda hammadan ustun kelishga urinish va ustun boʻlish, qoidalarga boʻysunmaslik, ularni nazar-pisand qilmaslikning oʻzi chinakam mustaqillik va hukmronlik belgisi emasligi, aksincha, bu asl qullik va qaramlik ekani oshkor boʻladi. Ular tomonidan amalga oshirilgan har bir itoatkorona qiliqlar, jimgina boʻysunishlar, turli istaklaringga xos tomoshalarning oʻzlari — haqiqiy asirlikka oluvchi tuzoq, qulga aylantiruvchi kishan hamda umrbod qolguvchi zindoning boʻladi, darhaqiqat faqat seni qarmoqqa ilintirmoq uchun. Sen bu zindonga nihoyatda osonlik bilan tushasan. Bu yerdagi zanjirlar senga oltin bilakuzuk, kiydirilgan qullik va zindonbandilik kiyimlari esa shohligingdan darak beradigan sarpodek koʻrinib, koʻzingni koʻr qilib, koʻnglingni hushlayveradi. Har bir totgan zahring bolga aylanadi oʻz nazdingda. Shu zayl, kun kelib boʻyningga oʻtkaziladigan dor boshingga qoʻndiriladigan tojdek tuyiladi. Sen bu dor ostiga oʻz-oʻzidan va xohishingdan kelib chiqib qadam qoʻyasan. Oʻz boshingni oʻzing dorga tikib, oʻzing boʻyningdan osasan! Sen itoatkorlik deb sanagan narsa, aslida seni erkingni tortib olgan bezorilik yohud yumshoq, ammo oʻtkir tigʻli ayyor hukmronlik boʻlib chiqadi. Sen erk va hukmdorlik deb bilganing — chinakam qullik va manqurtlikka aylanib qoladi.
Men kundalik hayot maydasiga bandi bo‘lishni emas, tafakkur ufqlarida kezishni istayman. Odamlarning hayotlari haqidagi suhbatlar qiziqtirmaydi, men ulardan balandroq parvoz qilishni, xayol qanotlarim bilan mutlaq haqiqat tomon intilishni xohlayman.
Tarix men uchun oddiy sanalar va hukmdorlar ro‘yxati emas, balki jamiyatlarning buyuk ko‘tarilishi va qulashi, g‘oyalarning tug‘ilishi va yo‘q bo‘lishidir. Har bir imperiya, o‘z qonuniyatlari bilan yashagan bir olam, har bir falsafiy oqim, tafakkurning yangi o‘zani.
Adabiyot men uchun so‘zlardan iborat emas, u qalblarning yashirin satrlari, insoniyat tafakkurining intihosidir. U shunchaki matn emas, balki haqiqatni timsollar va ramzlar bilan anglash yo‘li. Har bir misra abadiyat sari yo‘naltirilgan chaqiriq.
Koinot esa, cheksiz sahro, yulduzlar esa undagi alangali gulxanlar. Har bir galaktika, noma’lum sir, har bir qora tuynuk, vaqt va makonni yutadigan jumboq. Men ufqqa tikilib, u yerda nima borligini o‘ylayman: cheksizlikmi yoki oxir?
Fizika men uchun shunchaki formulalar to‘plami emas. U borliqning yashirin tuzilishi, modda va energiya o‘rtasidagi abadiy raqsdir. Kvant zarralarining beqaror o‘yini yoki nisbiylikning og‘ir haqiqatlari, bularning barchasi mavjudlik sirini ochishga urinayotgan aqlning qurollaridir.