View in Telegram
Sen sekin qaraysan oʻtkir va yashirin nigohlaring aro ularga. Nimani kuzatayotganing darhol sezilib qoladi. Sezib qolishadi. Biroq, sening haqqi-hurmating va oʻzlarining ayyorliklari bois buni senga sezdirishmaydi. Chunki, seni ular oʻyinga tortib ketishni hushlashadi. Xatto, oʻzing bilmay qolasan qachondir koʻzing ochilganda, qanday qilib bu davraga qoʻshilib qolganingni. Hammasi nazoratim ostida degan gapga yopishib olasan. Oʻzingni ishontirasan butkul. Bilmaysan-ki, sen bu ishonch orqali oʻzingni aldagan boʻlib chiqasan. Aslida esa ular seni oʻz maqomlariga monand boshqaradilar. Oʻzlari istaganday nazoratga olgan boʻladilar. Har qanday nazorat va boshqaruv ular qoʻlida boʻladi. Ana shunda oshkor boʻladi, aslida itoatkorlik va halimlik boʻlib koʻringani — chinakam boshqaruv va nazoratga aylanganligi. Bu itoatkorlik seni aldaydi. Oʻzini qul qilib koʻrsatgan choʻri niqobi ostidagi iblisona tabassumlar seni oʻrab olgan va endi sen butkul muvozanatni boy bergan boʻlasan. Ozodlik va erkinlik, umuman olganda hammadan ustun kelishga urinish va ustun boʻlish, qoidalarga boʻysunmaslik, ularni nazar-pisand qilmaslikning oʻzi chinakam mustaqillik va hukmronlik belgisi emasligi, aksincha, bu asl qullik va qaramlik ekani oshkor boʻladi. Ular tomonidan amalga oshirilgan har bir itoatkorona qiliqlar, jimgina boʻysunishlar, turli istaklaringga xos tomoshalarning oʻzlari — haqiqiy asirlikka oluvchi tuzoq, qulga aylantiruvchi kishan hamda umrbod qolguvchi zindoning boʻladi, darhaqiqat faqat seni qarmoqqa ilintirmoq uchun. Sen bu zindonga nihoyatda osonlik bilan tushasan. Bu yerdagi zanjirlar senga oltin bilakuzuk, kiydirilgan qullik va zindonbandilik kiyimlari esa shohligingdan darak beradigan sarpodek koʻrinib, koʻzingni koʻr qilib, koʻnglingni hushlayveradi. Har bir totgan zahring bolga aylanadi oʻz nazdingda. Shu zayl, kun kelib boʻyningga oʻtkaziladigan dor boshingga qoʻndiriladigan tojdek tuyiladi. Sen bu dor ostiga oʻz-oʻzidan va xohishingdan kelib chiqib qadam qoʻyasan. Oʻz boshingni oʻzing dorga tikib, oʻzing boʻyningdan osasan! Sen itoatkorlik deb sanagan narsa, aslida seni erkingni tortib olgan bezorilik yohud yumshoq, ammo oʻtkir tigʻli ayyor hukmronlik boʻlib chiqadi. Sen erk va hukmdorlik deb bilganing — chinakam qullik va manqurtlikka aylanib qoladi. *** Yashirin nigohlaring aro ularni kuzatma! ©h.z #nimadur @kulrang_falsafa
Love Center - Dating, Friends & Matches, NY, LA, Dubai, Global
Love Center - Dating, Friends & Matches, NY, LA, Dubai, Global
Find friends or serious relationships easily