View in Telegram
O Xudoyim! Miyam toʻxtovsiz quyilib kelayotgan fikrlar va va bir-biriga mantiqiy-u, mantiqsiz bogʻlangan gaplar dastidan judayam sokin va oʻz oʻrnini topganday maʼsum boʻlib qoldi. O Xudoyim! Sen bilasan, mening nimani oʻylayotganimni! O Xudoyim! Men Senga talpinaman! Men Seni topishga urinmoqdaman! Chunki, bundan avval men Seni bilaman deb yurgandim. Yoʻq! Men aslida kechirib boʻlmas xatoga yoʻl qoʻyay deganman! Oʻsha kunggi suhbat mening har qanday eskicha fikrlarimni loyqa suvday oqizib yuborishini ham oʻylab koʻrmagan edim. Men Seni oʻrganishni istayman. Chunki, Sendan olislashib ketdim. Men Senga qaytish uchun faqat bir yoʻl bor deb bilardim, aslida hamma yoʻl faqat Senga ekan. Chunki, Sening Oʻzing menga buni ravo koʻrgansan. Har bir fikr ortidan Sening borligingni his qilish, uni ishonchliroq qiladi men uchun. Ha! O Xudoyim! Meni bilasan, meni tushunasan! Albatta, men musulmon insonman va dinimda Sen yozgan joygacha sobit boʻlishni istayman! Ammo, men Seni topmoqchiman. Bu juda gʻalati tuyilar, ammo, Sen doimiy barhayot ekansan, men Seni faqat dindangina topish mumkin degan eʼtiqodga ishonmayman, ishonolmayman. Chunki, qayerga qaramay Sening borligʻing meni yoqimli taʼqibi ostiga olgan! Men qilishim kerak boʻlgan xatoni qilib boʻldim. Endi, bu xato olib keladigan muvaffaqiyatga ishonishim va uni qidirishim zarur! Har bir yomon narsa ortidagi yaxshilikni oʻzimning gunohim ortidan kelgan tafakkurdan sezib borayotirman. Men Seni, oh Allohim, men Seni topishni istayman! Men Seni har bir yaratgan zarrangda "koʻrish"ni, doimo yonimda ekaningni his qilishni istayman! Men Seni qaysidir dindagi faqat bir narsaninggina ustidagi mutlaq hukmron sifatida emas, balki, Yaratuvchi va Yagona Zot ekaningni va men Sendan oʻzga najotkor topa olmasligimni qayta anglamoqchiman! Seni barcha dinlarning yagona ilohi deb bilaman! Chunki, bunga isbot yetarlicha. Insonlar qilgan xato esa hammasini murakkablashtirdi va ammo, chuqurroq tafakkur uchun yoʻl ochib berdi! Vaholanki, biz Seni yolgʻon maʼlumotlar asosida oʻrganib qolmasligimiz uchun imkon yaratildi! Men Seni doimo yagona iloh sifatida bilganman! Men Seni Mukammal va barhayot ekaningni oʻzimcha oʻrganganman. Ammo, men Seni qayerdan topish kerakligini oʻrganmaganman! Men Seni borligingni bilaman, ammo muammo shunda-ki, Seni Sen bor joydan topishga ojizman! (Bilaman, Sen makonsizsan, chunki, makon va uning tushunchasi ham Sening izmingda!) Bu ojizlik oʻz-oʻzimga qurib olgan chegaralarim va atrofdagi baʼzilarning chegaralari natijasidir! Men ojizlikka ishonmayman deb aytdim! Chunki, Sen bor ekansan, ojizlikka oʻrin yoʻq! Men endi mana shu ulkan chegaralarni kesib oʻtmoqchiman! Men boy hamda chuqur tafakkurga ega ong istayman va u albatta Oʻz Yaratuvchisini idrok qila bilishi va Unga yaqin boʻlishi lozim! Rabbim, shu davrga qadar qilgan xatolarim va fikrlarimdan kelib chiqib, bilishim boʻyicha Sen faqat Islomda emassan! Islom — bu soflik va chin eʼtiqod bilan oʻrganilsa, Senga eltadigan eng yaxshi bir yoʻl. Men Seni jannati va jahannami bor boʻlgan va jannat ilinji-yu, jahannam qoʻrquvi sababgina bilishim va yaxshi koʻrishim majbur boʻlgan Zot sifatida tanishni istamayman. Chunki, har kim olovdan qoʻrqadi, har kimga joni shirin! Senga ishonmaydiganlardan esa Senga ishonchni orttirish uchun foydalanishni istayman, zero, bilishimcha, yoʻq narsa, aslo inkor etilmaydi. Sening haqingdagi inkorlar esa Seni naqadar buyuk ekaningni isbotlaydi, holos! Fikrlarim yana boʻlinib, oʻz oqimini yoʻqotmoqda, chunki, menga tinchlik zarurga oʻxshaydi. O Xudoyim! Bu mening kibrim, bu mening takabburligimdir! Bu mening gunohim, bu mening xatoyimdir! Avvalroq boʻlishi zarur boʻlgan, ammo kechikkanday tuyilayotgan, ammo kechikmagan narsadir! Men oʻzim va ong orasiga allaqanday toʻsiq qoʻydim. Bu toʻsiq natijasida Seni yoʻqotdim.
Love Center - Dating, Friends & Matches, NY, LA, Dubai, Global
Love Center - Dating, Friends & Matches, NY, LA, Dubai, Global
Find friends or serious relationships easily