TO‘RTLIKLAR
Pok ko‘ringan oq qish kuzni yiqitdi...
Chimrilgan bir qarash so‘zni yiqitdi...
Ajabo, hayratdan ushlayman yoqa:
Biz ko‘targan tomlar bizni yiqitdi...
* * *
G‘amni yanchib yurolsang, ko‘ngil,
Afiflikka o‘ralsang, ko‘ngil, -
Ehtiromim beadad senga,
Toj kiymagan qirolsan, ko‘ngil...
* * *
Bobom derdi: “Hayotda hamma narsa mo‘l, serob...
Mumtoz uchun u - mumtoz, xarob uchun u - xarob...”
Ko‘ngil, o‘zingni urib hayot girdibodiga,
Toparlaring, ishqilib, bo‘lmasin-da iztirob...
* * *
Parvoz orzularim qushga ko‘chibdi…
Oshkor mavzularim tushga ko‘chibdi...
Olamcha og‘rig‘im bitta to‘rtlik-u
Olamcha nafratim mushtga ko‘chibdi...
* * *
Barimas, oy chiqqan tunlar umr ekan,
Bahaybat quvonch-u munglar umr ekan...
Borki yashalguvchi yillar emas, yo‘q-yo‘q,
Vatan, senga fido kunlar umr ekan...
1998 yil.
@Gulchehra Nurullaeva
Instagram
YouTube
Facebook