Jurnalistni qonunbuzarlardan himoya qiling!
MY5 kanali muxbiri Ruxsora Gʻofurova Jizzaxdagi bank xodimasining firibgarligi yuzasidan material tayyorlagan. Jurnalistik surishtiruv jarayonida bank xodimasining fuqarolar nomiga kredit rasmiylashtirib, o‘zlashtirgani tilga olinadi.
Video lavhada tilga olingan qonunbuzarlikka oid hujjatlarni o‘rgandim va qonunga muvofiq, ko‘rsatuv efirga uzatilgach, xodimaga nisbatan darhol jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi lozim edi. Chunki O‘zbekiston Respublikasi JPK talablariga ko‘ra, ommaviy axborot vositasining jinoyat haqida bergan xabari jinoyat ishi ochilishiga asos bo‘ladi.
Ammo teskarisi - bank xodimasining arizasiga ko‘ra Ruxsoraning o‘ziga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan. Emishki, jurnalist bank xodimasining sha’n va qadr-qimmatini kamsitibdi hamda uning jinoyati haqida xabar berib, qonunbuzarlik sodir etibdi.
Hujjatlardan ko‘rinishicha, bank xodimasining o‘zga shaxslar nomiga olingan kreditining bir qismini uning eri - O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi Sharofiddin Boliyev o‘z plastik kartasi orqali to‘lab kelgan. Sudya bu qonunbuzarlikdan xabardor bo‘lgan va qonunbuzar ayolini himoya qilgan. Katta ehtimol bilan jurnalistga hujum ortida ham janobning o‘zlari turibdi.
Qonun amal qilmaydigan jamiyatda bu kabi unsurga ajablanmayman. Bu jinoyatlarni Oliy sudning o‘zi qo‘llab-quvvatlasa ham hayratlanmayman - Jungli qonuni. Kimdir o‘zini Ruxsoraga hamkasb hisoblasa, birlashaylik, haq so‘zni himoya qilaylik. Advokat do‘stlarimiz, iltimos, yordam qo‘lini cho‘zing! Zo‘rovonlikka to‘qnashish hammamizning boshimizda borga o‘xshaydi.
Ezgulik Inson Huquqlari raisi Abdurahmon Tashanov
@Zominiy_uz