Televideniyedagi filmlar, seriallar, novellalarning qay biriga qaramang qaynona-kelin janjali, toʻy mojarolari, qoʻshxotinlik, kundoshlik kabi mavzular. Manzara juda oʻxshash: xotiniga gapirganning foydasi yoʻqligini tushinib qoʻl silkib qoʻygan qaynota, onasiga gapini oʻtkazolmaydigan noshud oʻgʻil, biri oyday, biri oybodoqday kelinlar. Bir soʻz bilan aytganda, oʻta maishiy mavzular.
"Oʻtkan kunlar" ham mana shuning kabi maishiy asar. Unga ijtimoiy-siyosiy roman yorligʻini yopishtirishga urinmang.
Abdulla Qodiriy kitob boshida
xalqimizni shu zamonning Tohir-Zuhralari, Chor Darveshlari, Farhod-Shirinlari, Bahromgoʻrlari bilan tanishtirishni maqsad qilganini aytadi va shuni uddalaydi. Ya'ni "Oʻtkan kunlar"dagi syujet dinamikasiga qarasangiz dostonlar, ertaklardan ulgi olinganini koʻrasiz. Voqealar juda tez rivojlanadi, muammolar haddan tashqari joʻn, yumshoq qilib aytganda, ertakona yechim topadi. Otabek va qaynotasiga tuhmat qilinishi, ularning ikki bor oʻlimdan qaytishi, Otabek Homidning kirdikorlaridan xabar topishi, ularning jazosini berishi, unga hamma qoyil qolishi.... Bunday misollar asarda koʻp. Bularning bari puxta yozilgan zamonaviy romanni emas, joʻngina ertakni yodga soladi.
Kitobdagi ijtimoiy-siyosiy mavzular asosiy planda emas. Shunchaki yordamchi detal. Maydon oʻlaroq qaysidir hudud yoki zamon tanlanar ekan, shular haqida ham soʻz borishi tabiiy hol. Bunday oʻrinlar juda ozligiga tayanib, asarni ijtimoiy-siyosiy mavzuda emas deb ayta olamiz. Ishonmasangiz asarni qayta oʻqing, hatto Usta Alım va Saodat voqeasining oʻziyoq kitobdagi butun ijtimoiy-siyosiy mavzulardan bir necha barobar koʻp oʻrinni egallaydi. Asarning juda katta qismi oila ichi mashmashalaridan iborat.
"Oʻtkan kunlar" maishiy roman. Qodiriy soʻzi bilan aytganda,
oʻzbeklar turmushidan bir lavha. Lekin juda yaxshi yozilgan. Asarga puxta tayyorgarlik koʻrilgani, materiallar yaxshi yigʻilgani, eng mayda narsalargacha hisobga olinganini ta'kidlamasak boʻlmas. Asar kishini zeriktirmaydi, ravon, yengil oʻqiladi. Dastlabki urinish sifatida ancha yaxshi deyish mumkin. Ha, "Oʻtkan kunlar" birinchi oʻzbek romani sifatida qadrli. Biroq oʻzbek adabiyotidagi eng zoʻr roman emas. Uni haddan ziyoda ideallashtirib yuborishgan xolos.
@salimov_blogi