TO‘RTLIKLAR
Maylimiz ko‘chmanchi turnadek, Olloh,
Farahli bu dunyo – turmadek, Olloh.
Yo rab, qay bandalar yo‘lidan yurib,
Sening yo‘llaringdan yurmadik, Olloh...
* * *
Bahor, derlar kuz kunlarini,
Iliq, derlar muz kunlarini...
Ming maqomga yo‘rg‘alashar-da,
Berib qo‘ygach tizginlarini...
* * *
Oq yuvib, oq tararimsan, ADOLAT!
Yuragim-la o‘rarimsan, ADOLAT!
Borki mehrim javobiga o‘zingdan
Faqat TAShRIF so‘rarimsan, ADOLAT!..
* * *
Yolg‘onning qotili – pok so‘zlik ekan,
To‘kislik dushmani – noqislik ekan...
Har ne yaralmishki, bor kushandasi...
Meni kemirguvchi – haqsizlik ekan...
* * *
(«Siz... Sen... U...» turkumidan)
Qush orzusi – bir kaft donim o‘marish...
Kasniki – menda yo‘q shonim o‘marish...
O‘g‘riboshiga-chi, baribir ekan
Og‘zimdagi so‘nggi nonim o‘marish...
* * *
(«Siz... Sen... U...» turkumidan)
Bedard, «Men – giryon...» – deb, og‘iz yirtaver...
Xilvat, «Men – suron...» – deb, og‘iz yirtaver...
Tepkilab-ezg‘ilab turkiy zaminni,
Nomard, «Turkiston!..» – deb, og‘iz yirtaver...
* * *
Bu ofoqda mehr sardormi?
Bu ofoqda adolat bormi?
Bilar bo‘lsang, javob ber, qalam,
Shoir ko‘pmi, laganbardormi?
* * *
Qonni qizdirar she'r... Unga taraf yo‘q...
Zavqda suzdirar she'r... Unga taraf yo‘q...
Dunyo raso... Odam norasoligin
Sassiz sezdirar she'r... Unga taraf yo‘q...
* * *
Bir amaldorning umr yo‘ldoshiga
Chunon kamyob – yechib-kiyganlaringiz...
Xesh-u a'yon – u deb kuyganlaringiz...
Deysizki: “Bosh uzra qo‘yishga loyiq...”
Ajab... Balki dorbop – suyganlaringiz...
1998 yil.
@Gulchehra Nurullaeva
Instagram
YouTube
Facebook