Bir qish kechasida to‘satdan
Mendan ilhom ketdi.
Ketganin sezganimda
Gapirolmay qolgandim
Olib ketgandi bari so‘zlarni
O‘zi bilan.
Menga yig‘ilarni qoldirdi faqat
Har tun she'r yozgim kelardi
Har kun baqirgim,
Har on yolvorgim kelardi Xudoga
Biroq so‘zlar yo‘q edi:
Toqatsizlik!
Baxtsizlik!
So‘zsizliik!
Oh, bu ne balo ediki,
So‘zlarim uning tomirlarida
Sargardon yugurib yurardi
Iltijo qilardi, bizni qaytar deb!
Sizifning toshidek so‘zlarim,
Tegirmon toshidek so‘zlarim
Boshimni yanchardi oqshomlar
Tushlarim ichida aylanib,
Yozmoqchi bo‘lardim uyg‘onib...
Bir kuni yozishni o‘rgandim
Ko‘z yoshning shovqini,
Shamolning isi,
Yomg‘irning notalari-la.
So‘zlarsiz go‘zalroq edi she'rlarim.
Ularni ilardim har sahar
Kir ilgich dorlarga.
Va har sahar ularni qushlar
O‘qib berar edi daraxtlarzorlarga.
Nihoyat bir kuni
Men so‘zga do‘ndim
O‘zim!
Xudoning aytgan bitta so‘ziga
Xuddi sizlardek,
Xuddi gullardek,
Xuddi dunyodek
Hechkimsa o‘qimas
Bahaybat
So‘zga!
@FeruzaXayrullayeva