No.78 Savol: O’zbekiston tarixini chet elda tadqiq etish
Assalomu aleykum. Men tarix taʼlim yoʼnalishini 4-bosqichida tahsil olyapman. 2025-yil iyunda tugallayman. Undan soʼng o’qishimni magistraturada chet elda davom qildirmoqchiman. Lekin ilmiy mavzuim oʼlkamiz tarixi bilan bogʼliq. Shunda ham xorijda magistratura dasturlarida taʼlim olib kelish imkoniga ega boʼlolamanmi? Buning uchun mavzuimni oʼzgartirishim kerakmi yoki shart emasmi?
Javob:Bu savolga eng yaxshisi tarixchilar javob bergani ma’qul edi. Men esa cheklangan bilim doiramda unga javob berishga intilaman.
Umuman olganda, xorijga magistraturaga borganimizda ko’pgina yurtdoshlarimiz yurtimizga bog’liq mavzularni olib, ularni xorijdagi davlatlar bilan yoki borgan davlati bilan qiyosiy tahlil qilishga intiladi. Bu juda ham tabiiy holatdir. Menga qolsa chetga chiqqanimizda yurtimizdan biroz ajragan holda borgan davlatimiz yoki global mavzuni olib tadqiqot qilsak yana ham yaxshi bo’lardi. Lekin, sohaga qarab insonlarning yondashuvi turlicha bo’ladi va buni ayblab, bu xatodir deb bo’lmaydi.
Shunday ekan, siz ham yurtimiz tarixi bilan bog’liq mavzuni tanlay olasiz. Ammo, quyidagi savollarga yoki ulardan biriga oldindan javob topish kerakligini unutmang:
- Boradigan chet el universitetida aynan shu mavzu yoki shu mavzuni o’rganadigan soha bo’yicha yetuk tarixshunos olimlar bormi?
- Shu mavzuga doir turli manbalar boradigan xorij diyorida mavjudmi? Yetarlimi?
- O’lkamiz tarixiga oid mavzuni tadqiq qilishga siz bormoqchi bo’lgan davlatdagi universitet professorlari qiziqishadimi?
O’zbekistonning ma’lum bir davrga oid tarixi yoki ba’zi yo’nalishlar kerak bo’lsa yurtimizdan ham chet elda yaxshiroq o’rganilgan holatlar ham yo’q emas. Yoinki, bizda ‘quruqqina’ yoki ‘bir tomonlama’ yondashilib o’rganilgan masalani chet elda har tomonlama, atroflicha va tesha tegmagan metodlar orqali ko’rib chiqilib, biz bilmagan xulosalar qo’lga kiritilgan ilmiy dargohlar ham aslo kam emas. Unday bo’lsa, siz bemalol otga qamchi bosishingiz va chet elda mavzuingizni tadqiq etishingiz mumkin.