No.75 Savol
Assalom aleykum. Shu kungacha duch kelgan qiyinchiliklaringizdan kelib chiqib bakalavrda òqilgan sohani magistraturada o'zgartirish qanchalik qiyin deb o'ylaysiz?
Javobim: bu masala hiyla qiyin, ammo sarob ham emas. Masalan, 2007-yilda Yaponiyaga o’qishga kelgan kezlarim Xitoydan chet tillari universitetida o’qigan qiz ham men bilan kelgan va magistraturada korporativ huquq nomli sohani tadqiq qilgandi. Undan keyin esa Amerikada ham o’qib, hozirda Shanxayda katta yuridik firmada ishlayapti deya eshitaman. Ushbu xitoylik qiz asosiy sohasi bo’lgan filologiyadan huquq sohasiga o’ta oldi.
Unutmaslik kerakki, Xitoy universitetlarida ba’zan asosiy soha va yon soha degan dasturlar bor. Siz, masalan, asosiy sohada filologiyani o’qiysiz, yon sohada esa siyosatshunoslik va hokazo. Bizda esa doimo bunday dasturlar topilmasligi mumkin.
1) Bunga yechim sifatida bakalavr davrida o’zingiz qiziqqan sohani ‘samouchka’sifatida o’zingiz mustaqil o’rganishga harakat qilishdan boshqa iloji yo’q. Shunda, o’sha soha terminologiyasiga va qarashlariga tushuna boshlaysiz.
2) Masalan Yaponiyaning ko’pchilik universitetlarida magistratura bosqichiga tayyorgarlik davri o’laroq ‘research student’ degan davr bor. Bunda nomzod talabalar magistratura bosqichiga kirish imtihonlariga o’sha universitet ichida o’qish davomida tayyorgarlik ko’rishadi. Men buni juda ham jo’yali tizim sifatida baholagan bo’lardim. Birdaniga chet elga chiqib, siz hali ko’nikmagan joyda magistraturani qilish oson emas. Balki, siz yangi sohani tanlayotgan paytda mana shunday o’tish davrilaridan ham foydalanarsiz.
Qo’shimcha fikrlarni bayon qilish bo’yicha kechagi ovozli chatimiz mehmonlarini maydonga taklif qilardim. Izohlar qismiga bemalol yozib qoldirishingiz mumkin.