Rossiyada ilk bor ommaviy axborot vositasi (OAV) terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritildi. Bu "Komi Daily" nashridir. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati tomonidan tuzilgan terrorchi tashkilotlar reyestrida ushbu nashr separatistik "Post-Rossiya erkin davlatlar forumi"ning 172 ta "tarkibiy bo‘linmalari" qatoriga kiritilgan. Rossiya Federatsiyasi Oliy sudi uni ro‘yxatga kiritish to‘g‘risidagi qarorni 2024-yil 22-noyabrda qabul qilgan va 28-dekabrda kuchga kiritgan.
"Komi Daily" muharrirlari o‘zlarining Telegram-kanalida nashrning "Post-Rossiya erkin davlatlar forumi"ga hech qanday aloqasi yo‘qligini ta’kidlab, huquq himoyachilari bilan maslahatlashib, faoliyatni davom ettirish niyatida ekanliklarini bildirganlar.
Ma’lumot uchun, 2023-yil mart oyida Roskomnadzor "Komi Daily" veb-saytini bloklagan edi. May oyida esa nashr muharriri nafrat va adovat qo‘zg‘atish yoki inson qadr-qimmatini kamsitish moddasi bo‘yicha e’lon qilingan materiali tufayli jarimaga tortilgan.