#Yosh_koʻngillarning_dur_misralari ***
Anovi osmonni ko'rayapsanmi,
Anov kengliklarga kim ekan ega —
Barchasin ichimga jo qilib, to'lib,
She'rlar aytib bergim keladi senga!
Buncha go'zal ekan anor dog'lari,
Bag'ring yorib o'sgan hayrat tog'lari,
Hayotning bir shirin, achchiq chog'lari,
She'rlar aytib bergim keladi senga!
Subh poyi uzra to'shab dil — gilam,
Shabnam poklayversa,
Kin, araz, ginam,
Dir-dir titrayotgan maysalar bilan,
She'rlar aytib bergim keladi senga!
Taqdir qo'llarida qachondir tikka
Qaddi kamon bo'lgan yoylar haqida,
Quduqlar tubida kelishing kutib,
Yal-yal yonayotgan oylar haqida,
Onang ko'zlariga botib ketgan kun,
Otangga sig'magan shamollar haqda,
Bobolar tilidan to'kilgan hasrat,
Maysalar ko'kartgan zavollar haqda,
She'rlar
Aytib
Bergim
Keladi senga,
Chohda qolgan alpday uyg'onsa ochun!
Anov qoyalarga qaytib kelsa sor,
Burgutlar biz bo'lib yozsa qulochin!
She'rlar
Aytib bergim keladi
Senga!
✍ Gulmira Abdirayimova
https://t.center/Surxonadabiyoti