Erix Mariya Remarkning barcha asarlarini bir soʻz bilan taʼriflash kerak boʻlsa, doʻstlik deb nom bergan boʻlardim. Ha, Remark erkaklarning chin doʻstligini madh etadi. Biroq bu doʻstlik ulkan qahramonliklar, qurbonliklar, ogʻir damlardagi yelkadoshlik bilan emas, har kuni shunchaki koʻrishish, suhbat qurish, ichkilik ichish, pashsha qoʻrib oʻtirish, xullas birgalikda vaqt oʻtkazish bilan xarakterlanadi.
Doʻst ogʻir kunda bilinadi degan gap bor. Qoʻshilmayman. Kishining boshiga tashvish tushganda gohida gʻirt begona yoki unchalik yaqin boʻlmagan odam ham yordamga qoʻl choʻzishi mumkin. Baʼzan kimgadir yordam berish orqali egomizni qondiramiz, ba'zida esa shunchaki qalbimiz hali uygʻoq boʻlgani uchun ham ehtiyojmandga dastak beramiz.
Unda doʻst yaxshi kunda bilinadimi? Baxtdan toʻlib-toshganingda xursandchiligingga sherik boʻladigan odam topilmay qolsa yomon. Biroq yaxshi kunda ham doʻstni bilib boʻlmaydi. Oʻzbekning toʻyini koʻring. Tugʻilgan kunini koʻring. Muvaffaqiyatga erishgan, elga dasturxon yozgan kishining yonida yot-begonalar ham turib beraveradi.
Kishining yaxshi kuni ham, yomon kuni ham barmoq bilan sanoqli boʻladi. Yilning qolgan kunlari esa odatda tinch, bir xil, bir maromda kechadi. Hech qanday intrigasiz odatiy kunlarda siz uchun vaqt ajratadigan odam chin doʻstingizdir. U yoningizga kelishi uchun baxtdan yettinchi osmonda uchishingiz yoki boshingizga kulfat tushishi shart emas. U shunchaki siz bilan suhbat qurishni, birga vaqt oʻtkazishni xohlaydi. Aynan shunday insonlar yaxshi va yomon kuningizda ham yoningizda boʻladi. Yangi yil tilagi tilash kerak boʻlsa, avvalo chin doʻst nasib qilishini tilayman.
Darvoqe, Remarkni oʻqing.
@salimov_blogi