Inna lillahi va inna ilayhi rojiun.
Kechadan men uchun og‘ir kunlar boshlandi. Ikki farzandimizning onasi uchinchisini dunyoga keltirish vaqtida vafot etdilar. Alloh bandalariga toqatlari ko'tara olmaydigan darajada sinov bermaydi, albatta. Sinovlar - o'zi suyganlari uchun beriladi, InshaaAlloh. Ayolimni dafn qilish taraddudi ketayotgan, janoza namoziga esa 1 soat ham qolmagan bir paytda shifoxonadagilardan xabar keldi, "Tez yetib keling, kichkintoy ham og'irlashib qoldi". Shifokorlar(Alloh rozi bo'lsin) rosa harakat qilishdi, lekin yangi tug'ilgan Abdulloh - onasi dafn etilmay turib Haqqa qovushdi.
Har kecha soat 2 va 3lar oralig'ida ikkinchi o'g'limiz hali kichik bo'lganligi sabab holidan xabar olish uchun turar, keyin ibodatni ado etardilar. Bu tun shu ishni onam va men qilmoqchi bo'ldik, uyqusiragan Muhammadsodiq: "Onam keldilarmi..." deb so'radi. Ichim uzildi...
Ey pok Parvardigor! Ey rahmati g‘azabidan g‘olib bo'lgan Zot!
Bir muslima va norasida bandalaring huzuringga borayotir..
Hayoti davomida menga - o'z juftiga tik qaramagan, ovozini ko'tarmagan joriyangni O'zing rahmatingga burka! Uni Jannatdagi bu kabi sobiralarga va’da etilgan sabr qasringga joyla!
Men undan roziman, O'zing undan rozi bo'l, Robbim!
Yillar davomida oilamiz uchun qilgan yaxshiliklari va farzandlarimiz tarbiyasidagi chekkan mashaqqatlarini gunohlariga kafforat qilib, Firdavs jannatingda abadiy hayot ber!
Bu yolg‘on dunyoda qolgan biz noshudlarning ham oqibatimizni xayrli qil!
Omin.
Sizlar ham haqlariga duoda bo'ling, azizlar.