Sotuvchiga dedi kambag‘al:
- Xudo uchun meva ber tekin.
Sotuvchi ham o‘ylanmasdan sal,
Terib berdi yomonin sekin.
Chirik edi, ezilgan bari,
Solgan ekan ataylab terib.
Faqir qo‘yib xaltani nari,
- Shunga ber, der mayda pul berib.
Sotuvchi so‘ng bo‘lsa hamki kam,
Yaxshisidan saralab soldi.
Quruq qolib naqd savobdan ham,
Arzimagan ozroq pul oldi.
Faqir dedi: Xudo, qo‘y ko‘rib,
Bandalaring qanday ko‘rar kun.
Chiriganin Sen uchun berib,
Yaxshilarin berdi pul uchun...