Hayotdagi ilhomim
Inson hayotdagi turli voqea-hodisalar va insonlardan ilhom oladi. Men ham bundan mosuvo emasman. Hozir Yaponiyada qish, mana shunday sovuq paytiga qaramasdan ko'chadagi ishini sidqidildan davom ettiruvchi bir tur kasb egalari bor bu yerda - ko'cha transportini boshqaruvchi flegmanlar(yapon tilida kotsu yuudoin-交通誘導員). Yaponiya ko'chalari torligi uchun ham bir tomoni qurilish maqsadida berkitilganida ikki tomondagi mashinalar harakatini aynan mana shu kasb egalari tartibga solishadi.
Asosan xususiy shirkat tomonidan yollanadigan ushbu shaxslar orasida qariyalar talaygina. Shunday bo'lishiga qaramasdan, ishlarini shu darajada sidqidildan bajarib, qo'llaridagi bayroqlarini mahorat bilan hilpiratishadiki, o'z-o'zidan ularga mashina ichida turib ta'zim qilganingizni bilmay qolasiz. Eng kamida men shunday qilaman. Chunki, ular ham deyarli ko'p haydovchilarga shunday munosabatda bo'lishadi.