Смотреть в Telegram
​​Ammo ko‘zlar ko‘rdir. Qalb bilan izlamoq kerak. Antuan de Sent-Ekzyuperi - "Kichkina Shahzoda" Kitob haqida ko‘p va xo‘b yozilgan. Ko‘pchilikning sevimli asari ham aynan shu. Lekin tan olib aytamanki, men darslikdagi parchasini hisobga olmaganda yaqindagina to‘liq variantda o‘qib chiqdim. Hech kim katta bo‘lib tug‘ilmaydi. Barchada bolalik, dunyoni go‘zal makon deb bilgan davri bo‘ladi. Lekin kattalik sari qadam qo‘yar ekanmiz, boshida katta va bag‘rikeng bo‘lgan yuragimiz kichrayib boraveradi. Orzularimizni, aslida kim bo‘lishni, nimani istaganimizni sekin unutamiz. O‘sha niyatlar vaqti-vaqti bilan bilan xiralashgan xotiramizda yuz ko‘rsatsa, qalbimizning bir cheti asta og‘rib qo‘yadi. Ammo allaqachon barcha kabi yashayotgan, mol-dunyo orqasidan chopayotgan bo‘lamiz. Hech bolalarga e‘tibor berganmisiz? Ularni xursand qilish, ishontirish, asosiysi, mo‘jizalarga ishontirish oson. Ular o'zlariga nima kerak ekanligini yaxshi bilishadi va ortig‘ini istashmaydi. Kattalarda esa qalb xohishidan ko‘ra muhimroq narsalar bor. Ular o‘zlari ham tushunmaydigan qoidalar asosida yashashadi, qilishni xohlagan emas, qilishi lozim bo‘lgan narsalarni qilishadi. Doim boshqalar fikri bilan hisoblashishadi. Ne uchun yugurayotganini bilmay turib, umri ham tugab qoladi. Odatda, o'sha kattalarni deb kichiklarning ko‘plab qobiliyat va xohishlari yo‘q bo‘lib, yillar qa'riga ko‘milib ketadi. Masalan, oltinchi sinfni maktabda yulduzdek o‘tkazganman. So‘ngra sinf rahbarimning nohaqligini eshitib qolgan onam ancha yillar fan olimpiadalari va barcha tadbirlarni ta‘qiqlab tashlangandi. Balki bu keyinchalik faxriy yorliq va diplomlar orqasidan yugurmasligim uchun yaxshi dars bo‘lgandir. Lekin o‘zim sevgan fandan ancha uzoqlashib, ko‘nglim sovib, yuqori sinflarni besamar o‘tkazib yuborishimga olib kelgan. Aniq fanlardan ancha chetga chiqib, nuqul kitob o‘qib o‘tirardim. Yoki dugonalarim bilan maktabdagi hamma mish-mishlar bilan shug'ullanardim. Kim-kimni sevishi, kim-kimga xat yozgan-u, qaysi telefonda smslashganigacha sintezimizdan o‘tardi. Yumor va hazil qobilyatimni shu yillar tuzukkina o‘stirib olganman. Gaplarim boshida umuman boshqa narsa yozaman degandim. Lekin jarayonda ko‘p narsalar esimda tushdi. Ota-onamdan tashqari ko'pgina kattalar bilan ancha kelishmovchiliklarim bo‘lgan ekan. Balki tabiatan boshqalarga ko‘r-ko‘rona ergashib ketmasligim, bo‘ysunuvchan emasligim sababdir, bilmadim. Bu bilan nuqul muammolar ichida yurganman deyolmayman. Va shu kabi masalalar bitta menda emas, ko‘pchilikning boshidan o‘tgani aniq. So‘zlarim so‘ngida aytamanki, kech bo‘lsa ham "Kichkina shahzoda"ni o‘qing. Taxir ta‘mlar ichida asal yalagandek, yoki tutun orasidan toza havoga chiqib qolgandek bo‘lasiz. Ekzyuperi olami sizni o‘ziga sehrlab qo‘yishi turgan gap. Unutmangki, ichingizda "Kichkina bolakay" har doim tirik. Uni o'ylashni, ba‘zida quloq solishni, keragida hisoblashishni unutib qo‘ymang. Hozir qayerdasiz? Aslida shularni istaganmisiz? Maktabda darsdan qochib, gullagan gilos tagida qilingan orzular o‘zingiznikimi? Ko‘p narsani o'zgartirmoqchi, dunyoni ozgina bo'lsada ezgu maskan qilmoqchi bo‘lgan shoshqin o‘smir qani? -deb hamma o‘zidan so‘rab ko‘rishi darkor. @quyoshtaraflarda
Love Center - Dating, Friends & Matches, NY, LA, Dubai, Global
Love Center - Dating, Friends & Matches, NY, LA, Dubai, Global
Бот для знакомств