Boylar boyishda davom etdi, lekin kambag‘allik darajasi ham pasaydi
2023-yilda O‘zbekistonda real ish haqi (narxlar oshishi hisobga olingan holda) 7,8 foizga oshdi.
Real ish haqi – maoshingizga qancha narsa sotib ololishingiz ko‘rsatkichi, unda narxlar oshishi va tushishi inobatga olinadi.
O‘tgan yili bu ko‘rsatkich oshgan bo‘lsa-da, Jahon banki o‘sish notekis bo‘lganini
ta’kidladi. Ya’ni malakali (va boyroq) xodimlarning ish haqi kambag‘allarnikidan ko‘proq o‘sgan.
Buni qanday tushuntirish mumkin?
Iqtisodiyotimiz o‘sib borayotgan bo‘lsa-da, buni turli tabaqadagi aholi har xil his qiladi.
Shartli misol – men 1 million so‘m oylik olaman, do‘stim esa 100 million so‘m. Ikkimizning ham daromadimiz bir xil – 10 foizga o‘sdi. Faqat menda bu 100 ming so‘m, unda esa 10 million so‘mga aylanadi)
Lekin…
Umuman olganda, boy aholining ko‘payishida hech qanday salbiy jihat yo‘q. Yomon tomoni shundaki, bu odamlar o‘rtasida daromadlar tengsizligini oshiradi.
Oqibatda vaziyat o‘sha hazildagidek: “Men faqat xamir yeyman, do‘stim esa go‘sht. O‘rtacha hisobda esa biz manti yeyotgan bo‘lamiz”.
Yaxshi xabar ham bor
Jahon bankining xuddi shu ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda kambag‘allik darajasi 5 foizdan 4,5 foizga pasaygan.
Shu sababli, kambag‘al odamlar ham moliyaviy ahvoli yaxshi odamlarga nisbatan sekinroq bo‘lsa ham boyib bormoqda.
Bu nimani bildiradi?
Bu O‘zbekistonda malakali kadrlarning keskin yetishmovchiligini anglatadi.
Xulosa qilib aytganda, o‘zingizga sarmoya kiriting, rivojlantiring va malakangizni oshiring.
Hozirda bunday xarajatlar tezda o‘zini oqlaydi.
@beshtorr
#iqtisodiyot